Birinchi Prezident tavallud kuni yaqinlashar ekan, mamlakat taqdirida buyuk iz qoldirgan, dunyo xaritasida “O‘zbekiston” degan mamlakat paydo bo‘lishiga mislsiz ulkan hissa qo‘shib, o‘z ongli hayoti va umrini shu ezgu ishga bag‘ishlagan insonni xotirlab, uning nomi bilan atalgan ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasiga keluvchilar soni ortib bormoqda. Zero, Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish maqsadida tashkil etilgan ushbu maskan, undagi Ko‘rgazmalar zali va kutubxona buyuk yo‘lboshchimiz ish faoliyati, uning mustaqillik tarixida tutgan o‘rnini ko‘rsatib berishga xizmat qilmoqda.
Buyuk insonni yodga olib, u bilan bog‘liq xotiralarga oshno bo‘lish istagidagi yurtdoshlarimiz orasida turli kasb-kor va sohalar vakillari bor. Yurtimizning eng yangi tarixini qunt bilan o‘rganib, tadqiq etishga umrini bag‘ishlagan tarixchilar-ku, inchunun. Majmuaga O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish mintaqaviy Markazidan – oliy o‘quv yurtlari qoshidagi akademik litseylarning tarix fani o‘qituvchilari, tadqiqotchilar, olimlar, tinglovchilar tashrif buyurishdi. Mehmonlar majmua faoliyati, “Oqsaroy” tarixi, “Ko‘rgazmalar zali” hamda Islom Karimov nomidagi kutubxona faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Fikrimizga yana bir dalil sifatida – Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi Malaka oshirish markazidan, falsafa fanlari doktori, professor Ismoil Saifnazarov rahbarligida, iqtisod fanidan oliy o‘quv yurtlarida ta’lim beruvchi xodimlarning “Butun olamni jo etgan yurak” nomli doimiy ko‘rgazmaga tashrifini ham misol qilishimiz mumkin. Ziyorat va xotirlash barobarida ishtirokchilar malaka oshiruvchilar dasturidan o‘rin olgan – “Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi” kursi bo‘yicha amaliy mashg‘ulot ham o‘tashdi.
Zero, Birinchi Prezident kelajak avlodlar xotirasida tinchlik, barqarorlik, farovonlik va taraqqiyot kafolati bo‘lgan buyuk davlat arbobi sifatida mangu yashaydi. Buni esa majmuaga kelgan har bir mehmon o‘z qalbidan, ongu shuuridan o‘tkazishi tabiiy. Majmuada esa bunday tuyg‘ular jo‘sh urmog‘i yo‘lida barcha sharoit yaratilgan.
T.Qurbonboyev fotolari