THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

BAHOR, ISLOM KARIMOV VA OQSAROY...


19.04.2024

Sarlavhadagi bu uchala so‘zni yonma-yon qo‘yganimiz boisi – bitiklar so‘ngida balki biroz oydinlashar.

Bahorni kim ham yaxshi ko‘rmaydi: tabiat qaytadan uyg‘onsa, chamanzorlar yashnasa, yeru ko‘k gulga ko‘milsa, boz yana “novdalarni bezab g‘unchalar, tongga aytsa hayot otini”, “chor atrofda esardi yellar va bog‘larda qushlar chiyillar” taxlit manzara hukmron bo‘lib tursa... Bu mavzuda ash’ordan ko‘pi bormi, deng.

Endi o‘zingiz o‘ylab ko‘ring, Islom Karimovdek – dunyoning bor do‘ng-u nishabini hassos darajada anglab, millat yetakchisi rutbasiga yetgan odam – ko‘klamni, uning inja go‘zalliklariga oshno bo‘lmasligi mumkin edimi?.. Bunga, xususan, undan meros Oqsaroyga, uning – nafaqat ichkarisidagi lolazoru tabiatning go‘zal tasvirlari ila bezatilgan dizayni, balki bino atrofidagi tabiat bilan mumtoz tarzda uyg‘unlashgan me’moriy ansamblga boqib, amin bo‘lish mumkin.

Aytishlaricha, Islom Karimov gullarni, ayniqsa, uni birovga hadya etishni juda yaxshi ko‘rar, o‘sha odamning xursand bo‘lganini ko‘rib, bundan o‘ziniyam zavqi oshir ketarkan. Umr yo‘ldoshi Tatyana Karimova shunday xotirlaydi: “Islom Abdug‘aniyevich go‘zallikni his etibgina qolmay, gullar, daraxtlar bilan pinhona gaplashardi. U nafaqat o‘zi, balki atrofidagi yor-birodarlari ham – xiyobonda, dala hovlida va yoxud tog‘da bo‘lsin, bu go‘zallikdan bahra olishini juda-juda xohlardi, o‘zi yasagan guldastani do‘stlari oilasiga oborib berishini tayinlab, tutqazib yuborardi. Ayniqsa, uning gullagan daraxtlarga mehri bo‘lakcha edi. U uchun gullagan novdalar ichida eng chiroylisi – oppoq bo‘lib, yashnagan olcha edi”.

Qarangki, bugun Islom aka yoqtirgan o‘sha olcha-yu giloslar ham, nastarinu o‘zi bir zamonlar dunyoning turli chekkalaridan atay keltirgan – magnoliya va lola daraxtlariyam qiyg‘os gulladi, oq qayinu emanlar kurtak yozib, nish ham otdi. U suygan lola-yu chuchmomalar zaminni qoplab, dunyoni rangin qildi. “Yaxshidan bog‘ qolar”, degan satr shunchaki o‘ylab topilmagan axir...

Keling, shuncha gapdan so‘ng, suvratlarga boqib, o‘zingiz ham – bir paytlar buyuk inson tuygan zavqqa oshno bo‘ling. Birgina ishtiboh borki, qaniydi surat – faqat tasvirni emas, anvoyi iforu bo‘yni ham taratganda edi...

Temur Qurbonboyev olgan suratlar