THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

O‘zbekiston va BMT: yaqin hamkorlikning chorak asri


02.03.2018

2018 yil 2 martda O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Millatlar Tashkilotiga a’zo bo‘lganiga 26 yil to‘ldi. Ushbu kundan boshlab O‘zbekiston jahon hamjamiyatining to‘la qonli a’zosi hisoblanadi.

Poytaxtimiz Toshkentda BMT ning vakolatxonasi ochildi, Nyu-Yorkdagi BMT shtab-kvartirasida esa – O‘zbekistonning vakolatxonasi ochildi. Shu davrdan boshlab respublikamiz bayrog‘i tashkilotning boshqa a’zolari bayroqlari kabi BMTning Bosh binosi oldida xilpirab turibdi. Ma’lumki, BMT Bosh Assambleyasi sessiyasi insoniyat oldida turgan dolzarb muammolarni muhokama etish, ularga yechim qidirish masalalariga bag‘ishlanadi. Bu borada davlatlarning qarashlari o‘rtaga tashlanadi, mintaqalar va xalqlar manfaatidan kelib chiqib xulosalar belgilanadi. O‘zbekiston tinlik va barqarorlikni saqlash, ekologik muammolarni hal etish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish kabi masalalar doirasida BMT bilan sobitqadamlik asosida hamkorlik qilib kelmoqda.

Ayniqsa faol siyosiy muloqotning o‘rnatilishi O‘zbekistonning BMT bilan hamkorligining asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Bu jarayonga 1993 yilda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti asos solgan edi. O‘zbekistonning BMTga a’zo bo‘lganining birinchi kunlaridanoq o‘zaro aloqalarning ustuvor yo‘nalishlari belgilandi. Bular tinchlik va barqarorlikka tahdid soluvchi omillar, odam savdosi, giyovandlikga qarshi kurash, ommaviy qirg‘in qurollari tarqalishini oldini olish, ekologik muammolarni hal etish, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, inson huquqlarini himoya qilish kabi masalalardir.

O‘zbekiston BMT doirasida xalqaro va regional muammolarni muhokama qilish va hal qilishda faol ishtirok etadi. Xususan, Prezident Islom Karimov o‘z nutqlarida BMT ning 48-(1993 yil sentabr), 50- (1995 yil oktabr), 55-sessiyalarda (2000 yil sentabr) va BMT Bosh Assambleyasining “Ming yillikni rivojlantirish maqsadlari” (2010 yil) sammitida e’tiborini Markaziy Osiyoning dolzarb masalalariga urg‘u berdi. O‘zbekiston rahbari tashabbusi bilan BMT tomonidan Markaziy Osiyoda xavfsizlik masalalarini tinch yo‘l bilan hal qilishga qaratilgan qator rezolutsiyalar qabul qilindi.

Masalan, 1993 yilda BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida nutq so‘zlab, I.A. Karimov Markaziy Osiyoni yadro qurolidan holi zona, deb e’lon qilishni taklif etdi. Bu taklif Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Tojikiston va BMT ning boshqa ko‘pgina a’zolari tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlandi.

Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari va xalqaro ekspertlarining birgalikdagi ko‘p yillik ishidan keyin 2006 yil sentabrda Semipalatinsk shahrida (Qozog‘iston) Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi-siyosiy idoralari boshliqlari darajasida “Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi bo‘lgan zona to‘g‘risidagi Shartnoma” ning imzolanishi bo‘lib o‘tdi.

Afg‘onistondagi vaziyat Markaziy Osiyo mamlakatlari xavfsizligining muhim aspekti hisoblanadi. O‘zbekiston tashabbusi va BMT ning qo‘llab-quvvatlashi bilan, afg‘on muammosini muhokama qilishga va regional xavfsizlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan “6+2” guruhi (qo‘shni mamlakatlar: Eron, Pokiston, Tojikiston, Turkmaniston, O‘zbekiston, Xitoy, hamda Rossiya va AQSh) tashkil qilingan edi. Guruhning birinchi uchrashuvi 1997 yilda Nyu-Yorkda, ikkinchisi – 1999 yil iyulda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tdi. 2008 yil aprelda Buxarestda NATO sammitida O‘zbekiston rahbari I.A. Karimov “6+2” tinchlik tashabbusining yana davom ettirilishi va kengaytirilishi va bu guruhga NATO ning kiritilishi bilan uning “6+3” ga aylantirilishining maqsadga muvofiq ekanligi to‘g‘risida taklif kiritdi, qaysiki, u Afg‘onistonda vaziyatni barqarorlashtirish bo‘yicha birgalikdagi harakatlarni aniqlashda kuchlarni birlashtirishga yordam berishi mumkin edi. Ushbu formatda Afg‘onistonni rekonstruksiya qilishning yirik donorlari – Hindiston, Yaponiya va boshqa manfaatdor mamlakatlarning ishtiroki – yanada samaraliroq xalqaro dialogga yordam berishi mumkin edi.

O‘zbekiston Respublikasi BMT ning turli ixtisoslashtirilgan muassasalari va komitetlari faoliyatida, BMT ning Afg‘onistondagi gumanitar aksiyalarida faol ishtirok etmoqda. 2002 yil oktabrda BMT ning Bosh kotibi Kofi Annanning va 2010 yilda BMT ning hozirgi Bosh kotibi Pan Gi Munning O‘zbekistonga qilgan tashriflari BMT bilan hamkorlikning muhim bosqichi sifatida namoyon bo‘ldilar. Muloqotda suv resurslaridan samarali foydalanish, demokratik islohotlar, hamda BMT ni isloh qilish kabi masalalar muhokama qilindi.

Bugungi kunda Orol muammosi chinakam umumsayyoraviy miqyosga ega bo‘ldi, va shuning uchun Markaziy Osiyo davlatlarining bu masala bo‘yicha BMT bilan hamkorligi xalqaro ahamiyatga ega. 2013 yil 16 sentabrda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 68-sessiyasida “Orol qurishining oqibatlarini tugatish va Orolbo‘yidagi ekotizimlar halokati oldini olish bo‘yicha choralar Dasturi” mavzusidagi O‘zbekistonning tashabbusi ma’qullandi. Dastur BMT ning Bosh kotibi Pan Gi Mun tomonidan butunicha qo‘llab-quvvatlandi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil 2017 sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Bu tarixiy tashrif mamlakatimiz bilan BMT hamkorligining yangi bosqichini boshlab berdi. Aytish joizki, Prezidentimiz o‘z nutqida uch yo‘nalishdagi – O‘zbekiston, Markaziy Osiyo mintaqasi va BMT darajasidagi fikrlarini o‘rtaga tashladi, umuminsoniy manfaatlar ko‘zlangan taklif va tashabbuslarni ilgari surdi. Prezidentimizning dunyoda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, BMTning xalqaro munosabatlardagi rolini oshirish borasidagi fikrlari ham dolzarb ahamiyatga molikdir. BMTning Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiyasini ishlab chiqish va Bosh Assambleyaning "Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik" deb nomlangan maxsus rezolutsiyasini qabul qilish bo‘yicha tashabbuslar, ayniqsa, tarixiy voqeadir.

Muxtasar aytganda, O‘zbekistonning BMT minbaridan turib ilgari surgan tashabbuslari zamonaviy dunyoning bugungi realliklariga to‘la javob beradi. Shu boisdan ham ular jahonda o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Masalan, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasiga hurmat bajo keltirish BMT Bosh Assambleyasining 71-sessiyasi kun tartibiga asosiy bandlardan biri sifatida kiritilgani Islom Karimov nafaqat mamlakatimizda, balki mintaqamiz hamda jahonda tinchlik va barqarorlikning ta’minlanishiga ulkan hissa qo‘shganining tasdig‘i bo‘ldi.

Shavkat Raxmatullayev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti
Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy Yodgorlik majmuasi
Bosh ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi