THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

O‘z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q


13.02.2018

Ma’naviyat – insonni ruhan poklanish, qalban ulg‘ayishga chorlaydigan, odamning ichki dunyosi, irodasini baquvvat, iymon-e’tiqodini butun qiladigan, vijdonini uyg‘otadigan beqiyos kuch, uning barcha qarashlarining mezonidir.

Insoniyatning ko‘p ming yillik tajribasi shundan dalolat beradiki, dunyodagi zo‘ravon va tajovuzkor kuchlar qaysi bir xalq yoki mamlakatni o‘ziga tobe qilib, bo‘ysundirmoqchi, uning boyliklarini egallamoqchi bo‘lsa, avvalambor, uni qurolsizlantirishga, ya’ni eng buyuk boyligi bo‘lmish milliy qadriyatlari, tarixi va ma’naviyatidan judo qilishga urinadi.

***

Vijdoni uyg‘oq odam yon-atrofida bo‘layotgan voqealarga, yordam va ko‘makka muhtoj insonlarning muammolariga, adolatning toptalishiga befarq qaray olmaydi. Ayniqsa, el-yurt manfaatiga zarar yetkazadigan yovuz xatti-harakatlarga hech qachon chetdan jim qarab turolmaydi, o‘z yurti va xalqiga nisbatan xiyonat va sotqinlikni aslo qabul qilolmaydi. Bunday holatlarni ko‘rganda vijdoni qiynaladi, doimo yonib-kuyib yashaydi, qanday qilib bo‘lmasin, ularni bartaraf etishga intiladi, kerak bo‘lsa, bu yo‘lda hatto jonini ham fido qiladi.

***

Bu hayotning shafqatsiz bir qonuniyati bor. Ya’ni, tarixning murakkab va hal qiluvchi burilish pallasida har qanday millat va elat o‘z ahilligi va birdamligini saqlab, o‘z milliy manfaatlari yo‘lida qat’iyat bilan turmasa, mas’uliyat va hushyorligini yo‘qotadigan bo‘lsa, oxir-oqibatda o‘zining eng katta, tengsiz boyligi bo‘lmish mustaqilligi va ozodligidan judo bo‘lishi shubhasiz.

***

Aqli raso har qaysi inson yaxshi anglaydiki, bu yorug‘ dunyoda hayot bor ekan, oila bor. Oila bor ekan, farzand deb atalmish bebaho ne’mat bor. Farzand bor ekan, odamzot hamisha ezgu orzu va intilishlar bilan yashaydi.

***

O‘zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog‘liqlik til orqali namoyon bo‘ladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga, avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili – bu millatning ruhidir.

***

Qayerdaki beparvolik va loqaydlik hukm sursa, eng dolzarb masalalar o‘zibo‘larchilikka tashlab qo‘yilsa, o‘sha yerda ma’naviyat eng ojiz va zaif nuqtaga aylanadi. Va aksincha – qayerda hushyorlik va jonkuyarlik, yuksak aql-idrok va tafakkur hukmron bo‘lsa, o‘sha yerda ma’naviyat qudratli kuchga aylanadi.

***

O‘zbek xalqi dunyo maydonida kuni kecha tasodifan paydo bo‘lib qolgani yo‘q. Biz – boy tarix, yuksak madaniyat, buyuk ma’naviyat vorislarimiz. Qadimiy tariximizni har tomonlama o‘rganib, shunday xulosaga kelish mumkinki, eng qaltis va tahlikali davrlarda millatimizga umid va ishonch bergan, uni yovlarga qarshi kurashga undagan, ajdodlarimizni ilmiy kashfiyotlar, harbiy zafarlarga, ma’rifat mash’alini baland ko‘tarib, jaholatga qarshi chiqishga chorlagan beqiyos kuch ham aynan ma’naviy jasorat tuyg‘usidir.

***

Xalq – bamisoli ulug‘ va sharafli yo‘ldan ilgarilab borayotgan ulkan karvon. Uni yo‘ldan chalg‘itishga urinuvchilar, payt poylab, orqasidan hamla qiluvchilar hamisha bo‘lgan, bundan keyin ham bo‘lishi mumkin. Karvon bexatar bo‘lmas, degan gap bejiz aytilmagan. Ammo xalq karvonini hech qanday kuch ortga qaytarolmaydi. Nega deganda, xalqning qalbida ne-ne avlodlardan meros yengilmas kuch – ma’naviyat bor.

Islom Karimovning
"Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch" asaridan.