ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

TIMSOLLAR – MUQADDAS


19.11.2020

Davlatchiligimiz tarixining qaysi bir davrini olib qaramaylik, davlat ramzlari Vatan timsollari sifatida hamisha aziz va muqaddas sanalgan. Hamma zamonda ham bular shunchaki davlat siyosatini amalga oshirish vositasigina boʼlib qolmagan. Аksincha, juda katta ijtimoiy-maʼnaviy ahamiyat ham kasb etgan. Xalqimizning buyuk davlat barpo etish gʼoyasi, salohiyati va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqligi, eng avvalo, davlat ramzlari va timsollarida oʼz ifodasini topgan. Shu bois ajdodlarimiz hayotida ramzlar va timsollar juda eʼzozlangan. Odamlar davlat timsollari uchun oʼz jonlarini ham fido etganlar. Jangu jadallarda bayroqning qulashi yoki dushman qoʼliga oʼtishi magʼlubiyat bilan barobar turgan. Bunga tariximizdan juda koʼp misollar keltirish mumkin. Masalan, 1221 yilning kuzida moʼgʼul bosqinchilari olti oylik qamaldan soʼng Xorazm poytaxti Gurganjga yopirilib kirganida Shayx Najmiddin Kubro shahar mudofaasi rahnamolaridan biriga aylanadi. Tengsiz kurashda oʼz koʼksini dushman nayzasiga qalqon qilib, yurt ozodligi yoʼlida shahid boʼladi. Аytishlaricha, Shayx oʼlimi oldidan moʼgʼul yalovbardoridan bayrogʼini tortib olib, yerga qulaydi. Yovga nisbatan nafrat shu qadar kuchli ediki, moʼgʼullar keyinchalik Shayxning jonsiz qoʼlidan bayroqlarini tortib ololmagan va uning panjalarini kesib, oʼz bayroqlarini ajratib olgan. Shayx Najmiddin Kubroning yurt ozodligi yoʼlidagi bu jasorati – mana, qariyb sakkiz yuz yildirki, barcha avlodlarga zoʼr bir ibrat namunasi. Sohibqiron Аmir Temur davrida ham davlat bayrogʼi katta ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy ahamiyat kasb etgan. Shu sababli jangu jadallarda davlat bayrogʼini Аmir Temurning eng ishongan bahodir sipohiylari qoʼriqlagan. Temur tuzuklarida taʼkidlanishicha, dushman ustidan shijoat va mardlik koʼrsatib, gʼalaba qozongan amirlar va sipohiylar davlat timsollari – tugʼ va nogʼora bilan mukofotlangan. Bu – sohibqiron saltanatida davlat ramzlari nechogʼli baland turganligidan dalolat beradi. Xoʼsh, bugungi kunda mustaqil davlatimiz ramzlari, xususan, millat gʼururi boʼlgan bayrogʼimizga munosabat qanday? Kelajagi buyuk davlat barpo etish gʼoyasi mustaqilligimizning ilk kunlaridayoq qabul qilingan davlatimiz ramzlarida ham oʼz ifodasini topgan. 1991 yilning 18 noyabridagi qabul qilingan bayrogʼimizda ham xalqimizning xohish-irodasi, aql-salohiyati, asrlar mobaynida toptalgan gʼururi, kayfiyati aks etgan. Davlatimiz bayrogʼidagi yangi chiqib kelayotgan yarim oy, yulduzlar, moviy, oq, yashil ranglar hamda qizil hoshiya chiziqlar xalqimiz gʼururi va kelajakka boʼlgan ishonchining mujassam ifodasi hisoblanadi. Bayrogʼimiz xalqimizning iftixor timsoliga aylandi. Mamlakatimiz miqyosida oʼtkazila boshlagan ijtimoiy-siyosiy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar Davlat bayrogʼini tantanali suratda koʼtarish, madhiyamizni kuylash bilan ochiladigan boʼldi. 1992 yilning 2 martida BMTga aʼzo mamlakatlar safida Oʼzbekiston bayrogʼining hilpirashi milliy gʼururimizga gʼurur qoʼshdi. Davlat bayrogʼining huquqiy asosi 1991 yil 18 noyabrda qabul qilingan “Oʼzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʼi toʼgʼrisida”gi Qonun bilan mustahkamlangan. Bu qonunda bayrogʼimizning shakl-shamoyili, foydalanish yoʼl-yoʼriqlari aniq koʼrsatib berilgan. Oʼsha paytdan boshlab bolalar bogʼchalari, maktablar, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlarida dushanba kungi saboqlar Davlat bayrogʼining tantanali suratda koʼtarilishi, bolalarimizning oʼng qoʼlini koʼksiga qoʼyib madhiyamizni kuylashidan boshlanishi farzandlarimiz qalbida Vatanga, Davlatimiz ramzlariga nisbatan iliq munosabatning paydo boʼlishiga olib keldi. (Sultonmurod Olim va Shamsiddin Jumaevning “Davlatimiz ramzlari” kitobidan)