ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Otash kabi yonib, o‘zgalar yo‘lini yorit


08.02.2018

Joriy yilning 8 fevral kuni Toshkentda “Turkiston” saroyida Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tomonidan tayyorlangan va chop etilgan “Islom Karimov – mustaqil O‘zbekiston asoschisi” kitob-albomi taqdimotining tantanali marosimi o‘tkazildi. Tadbir Birinchi Prezidentimizning hayot mazmuniga aylangan “Otash kabi yonib, o‘zgalar yo‘lini yorit” shiori ostida o‘tkazildi.

Kitob-albom loyiha muallifi, oilaviy arxivdan ko‘plab fotomateriallar taqdim etgan Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Akbarovna Karimovaning rahbarligida va bevosita ishtirokida tayyorlandi. Unda Islom Abdug‘aniyevichni yaqindan bilgan safdoshlari, davlat va jamoat arboblarining xotiralari jo oldi.

Taqdimot marosimida so‘zga chiqqan Tatyana Akbarovna Karimova “Islom Karimov – mustaqil O‘zbekiston asoschisi” kitob-albomini yaratishga o‘z hissasini qo‘shgan barchaga o‘z minnatdorligini va tashakkur so‘zlarini izhor etdi.

Shu kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tavalludining 80 yilligi keng miqyosda nishonlanmoqda.  Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish borasida keng miqyosli ishlar amalga oshirilyapti. Toshkent, Samarqand va Qarshi shaharlarida Birinchi Prezidentimiz haykallari qad rostladi. U kishi uzoq yillar faoliyat yuritgan Oqsaroy qarorgohi yodgorlik majmuasiga aylantirildi. Toshkent xalqaro aeroporti, yirik muassasa va tashkilotlar, poytaxtimiz va viloyat markazlaridagi markaziy ko‘chalarga Islom Karimov nomi berildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni va Vazirlar Mahkamasi, vazirlik va idoralar, Toshkent shahar hokimligi, davlat hamda jamoat tashkilotlari vakillari, Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi sovrindorlari, shuningdek O‘zbekistonda akkreditatsiya qilingan diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi R.Qosimov so‘zga chiqdi.