ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida uchrashuv


22.11.2017

Joriy yilning 22 noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida Yaponiyaning "Soka Gakkay" tashkiloti vitse-prezidenti Kendzi Yosigo boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuv chog‘ida mehmonlar Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasining Islom Karimovning hayoti, ko‘p qirrali faoliyati va merosini o‘rganish bo‘yicha amalga oshirayotgan faoliyati haqida xabardor qilindi.

"Soka Gakkay" vitse-prezidenti Kendzi Yosigo O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidentini iliq so‘zlari bilan eslab, “bizning faxriy doktorimiz Islom Abdug‘aniyevich” O‘zbekistonda istiqlol yillarida o‘sib kelayotgan yosh avlodni tarbiyalashning yangi tizimini yaratish va hayotga tatbiq etish ishlariga bevosita rahbarlik qilganini ta’kidladi. Bu mamlakatning bugungi va ertangi kunining hal qiluvchi kuchiga aylanib borayotgan yoshlarning tafakkurini va dunyoqarashini tubdan o‘zgartirdi.

Ma’lumki, iqtisodiyot, fan va ta’lim rivojiga qo‘shgan ulkan hissasi uchun I.A.Karimov xorijiy davlatlar qator universitetlarining akademigi va faxriy doktori, shu jumladan 2002 yilda Soka universitetining faxriy doktori etib saylangan.

Yaponiya delegatsiyasi a’zolari O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti haykali poyiga gullar qo‘ydi va uning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirishdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining rafiqasi T.A.Karimova, Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbari T.Shirinov, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi vakillari, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.