ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykalining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi so‘zi


31.08.2017

Qadrli vatandoshlar! 

Hurmatli Tatyana Akbarovna! 

Aziz mehmonlar! 

Bugun sizlar bilan azim Toshkentning tabarruk maskani – Oqsaroy qarorgohi oldida muhim tarixiy voqea munosabati bilan to‘planib turibmiz. 

Buyuk davlat va siyosat arbobi, mustaqil davlatimiz asoschisi, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti muhtaram Islom Abdug‘aniyevich xotirasiga bag‘ishlab bunyod etilgan haykalning ochilish marosimida ishtirok etmoqdamiz. 

Islom Abdug‘aniyevich butun umrini jonajon O‘zbekistonimiz uchun, uning ozodligi va buyuk kelajagi uchun bag‘ishladi. 

Islom aka tariximizning eng murakkab va og‘ir davrida – millatlararo ziddiyatlar avj olgan, iqtisodiyot chuqur inqirozga uchrab, respublikamiz jar yoqasiga kelib qolgan keskin va tahlikali bir sharoitda mamlakatga rahbarlik qilish mas’uliyatini o‘z zimmasiga oldilar. 

Vatanimiz tarixida yangi davr boshlangan kun – 1991-yil 31-avgustda Islom Abdug‘aniyevich O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qildilar va chorak asr davomida davlatimizni izchillik va sobitqadamlik bilan boshqardilar. 

Birinchi Prezidentimiz rahbarligi ostida tarixan qisqa davrda yurtimizda keng ko‘lamli tarkibiy islohotlar amalga oshirildi. Yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi sanoat tarmoqlari barpo etildi va rivojlantirildi. Zamonaviy yo‘l-transport va muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmalari bunyod etildi. Qishloq xo‘jaligida chuqur islohotlar amalga oshirildi. 

Islom Abdug‘aniyevich boshchiligida Vatanimiz mustaqilligi va sarhadlarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan zamonaviy milliy armiya barpo etildi. 

Buyuk Yurtboshimizning tashabbusi bilan mamlakatimizda ma’naviy qadriyatlarimizni tiklash, muqaddas dinimiz, urf-odatlarimiz, bebaho tarixiy merosimizni asrab-avaylash va rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. 

Islom Abdug‘aniyevich o‘z hayoti va faoliyatining mazmuni bo‘lgan “Bizdan ozod va obod Vatan qolsin!” degan ezgu g‘oyani ilgari surdilar va bu da’vat barchamizning qalbimizdan chuqur joy oldi. 

U kishi “Elim deb, yurtim deb, yonib yashash kerak” degan o‘zining g‘oyasiga bir umr amal qilib, kelajak avlodlar uchun buyuk ibrat maktabini yaratdilar. 

Islom aka millatning haqiqiy yetakchisi sifatida ona xalqini, go‘zal va betakror O‘zbekistonni jonidan ham ortiq sevar, uning manfaatlarini himoya qilish va ro‘yobga chiqarishni o‘z hayotining bosh maqsadi, deb bilar edilar. 

O‘z navbatida, xalqimiz ham doimo el-yurt tashvishi bilan yashagan Birinchi Prezidentimizni cheksiz mehr bilan sevar va o‘zining ulug‘ rahbari sifatida u kishi bilan haqli ravishda faxrlanar edi. 

Hurmatli vatandoshlar! 

Birinchi Prezidentimizning xotirasini abadiylashtirish uchun xalqimiz, keng jamoatchilikning xohish-istaklari va takliflarini inobatga olib amalga oshirayotgan ishlarimiz, o‘ylaymanki, barchangizga yaxshi ma’lum. 

Toshkent shahridagi xalqaro aeroport, Toshkent davlat texnika universiteti, Asaka avtomobil zavodi, Farg‘ona shahridagi San’at saroyi, poytaxtimiz va hududlarimizdagi markaziy ko‘chalar, Oqsaroy qarorgohida o‘z faoliyatini boshlagan ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi, maxsus xayriya jamoat fondi Islom Abdug‘aniyevichning muborak nomlari bilan ataldi. 

2-sentabr kuni xayrli ishlarimizning davomi sifatida Islom Abdug‘aniyevich tug‘ilib voyaga yetgan, mangu orom topgan azim Samarqand shahrida ulug‘ Yo‘lboshchimizning haykali ochilishiga bag‘ishlangan marosim o‘tkaziladi. 

Shuningdek, Qarshi shahrida haykal o‘rnatish va Samarqand shahrida yodgorlik majmuasini barpo etish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni to‘liq yakunlab, u kishining tug‘ilgan kuniga 80-yil to‘ladigan sana – 2018-yil 30-yanvarda tantanali ochilish marosimini o‘tkazamiz. 

Muhtaram do‘stlar! 

Birinchi Prezidentimiz hayotining eng faol va jo‘shqin paytini – talabalikdan boshlab umrining oxiriga qadar bo‘lgan davrni azim Toshkent shahrida o‘tkazdilar. O‘zlarining bor bilim va salohiyatini, g‘ayrat-shijoatini O‘zbekistonimizning barcha hududlari qatori poytaxtimizning yanada obod va ko‘rkam bo‘lishiga, gullab-yashnashiga bag‘ishladilar. 

Islom Abdug‘aniyevich Toshkentni Vatanimizning oltin ostonasi, deb atar edilar. 

U kishining “Toshkent timsolida O‘zbekistonni, O‘zbekiston timsolida Toshkentni ko‘ramiz” degan chuqur ma’noli so‘zlarini shu bugungi tarixiy kunda yana bir bor esga olish o‘rinli, deb o‘ylayman. 

Birinchi Prezidentimiz tomonidan barpo etilgan mana shu qarorgohda u kishining davlat rahbari sifatidagi faoliyatining eng yorqin damlari o‘tgan edi. 

Aynan shu yerda xalqimiz, mamlakatimiz taqdiri va kelajagiga oid g‘oyat muhim bo‘lgan ko‘plab farmon va qarorlar qabul qilingani sizlarga yaxshi ma’lum. 

Bundan bir yil oldin boshimizga tushgan og‘ir musibat tufayli huvillab qolgan Oqsaroy qarorgohi bugun Islom akaning mehrli siymosi tufayli yanada ochilib, nurafshon bo‘lib, el-yurtimizni o‘z bag‘riga chorlamoqda. 

Bugun ushbu qarorgoh oldida xalqimiz, davlatimiz nomidan buyuk Yo‘lboshchimizning xotirasiga hurmat-ehtirom ko‘rsatar ekanmiz, o‘ylaymanki, barchamiz Islom Abdug‘aniyevichning bu muazzam haykali shu maydonga alohida ulug‘vorlik va salobat bag‘ishlab turganiga guvoh bo‘lmoqdamiz. 

Ishonchim komil, bugundan boshlab ushbu majmua butun xalqimiz uchun bir umrga qutlug‘ va tabarruk qadamjo bo‘lib qoladi, albatta. 

Toshkent ahli, mamlakatimizning barcha shahar va qishloqlaridan keladigan vatandoshlarimiz, chet ellik mehmonlar, davlat va jamoat arboblari bu yerga tashrif buyurib, yodgorlik majmuasini ziyorat qilib, Birinchi Prezidentimiz xotirasiga hurmat bajo keltiradilar. 

Bu maskanga qadam qo‘ygan har bir inson muhtaram Islom Abdug‘aniyevich yurgan yo‘laklardan, xiyobonlardan o‘tib, muzey bilan yaqindan tanishib, istiqlolimiz me’mori va asoschisi bilan xayolan uchrashgandek, muloqot qilgandek bo‘ladi. 

Barchamizga yaxshi ma’lum, O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidan munosib o‘rin egallashida ham Islom Abdug‘aniyevichning xizmatlari beqiyosdir. 

Fursatdan foydalanib, bugungi marosimda ishtirok etayotgan, mamlakatimizda faoliyat ko‘rsatayotgan xorijiy davlatlarning elchilari va diplomatik korpus vakillariga O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti xotirasiga ko‘rsatayotgan hurmat va e’tiborlari uchun chin qalbimdan minnatdorlik bildirishga ruxsat etgaysiz. 

Aziz do‘stlar! 

Ishonaman, Islom Abdug‘aniyevichning muhtasham haykali qad rostlagan ushbu qutlug‘ maskan xalqimiz, barcha yoshlarimiz uchun Vatanga yuksak mehr va sadoqat ko‘rsatib yashashning chinakam timsoliga aylanadi, katta tarbiya va ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi. 

Oradan yillar, asrlar o‘tadi, muhtaram Birinchi Prezidentimizning nomi va u kishi boshchiligida amalga oshirilgan buyuk ishlar yurtimizning shonli tarixida o‘chmas sahifa bo‘lib mangu qoladi. 

E’tiboringiz uchun rahmat.