ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

O‘zgalarni baxtli qilishga bahshida umr


16.03.2018

Islom Karimov nomidagi jamg‘arma tomonidan Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasiga O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining 80 yilligiga bag‘ishlab chop etilgan «Islom Karimov - Mustaqil O‘zbekiston asoschisi» nomli kitob-albom hamda «Meros va hozirgi zamon» byulletenining birinchi soni topshirildi.

Mazkur nashrlarda davlat va jamoat arboblari, siyosatchilar, turli kasb va turli yoshdagi yurtimizning oddiy fuqarolari, shuningdek Birinchi Prezident bilan ko‘p yillar davomida birga yashagan, yaqin muloqotda bo‘lgan insonlarning xotiralari jamlangan. Albomdagi fotosuratlarning aksariyati esa, ilk bor keng ommaga taqdim etilgan.

Nashrlarni topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosimda Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Karimova, Islom Karimov nomidagi jamg‘arma va Ilmiy-ma’rifiy majmua xodimlari, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi, respublika jurnalistlar uyushmasi, O‘zbekiston Milliy kutubxonasi rahbar va mutaxassislari, OAVi xodimlari ishtirok etdilar.

Tatyana Karimova o‘z so‘zida mazkur ma’rifat koshonasida ushbu tadbirning o‘tkazilishidan mamnunligini bildirdi. Chunki mana shunday zamonaviy kutubxonani barpo etish g‘oyasi Islom Abdug‘aniyevichda, u kishi mutasaddi rahbar bo‘lib ishlagan paytlaridayoq paydo bo‘lgan. Bu haqda ko‘p gapirardilar. Prezident bo‘lganidan keyin bu orzuni amalga oshirishga bor kuch va imkoniyatni safarbar etdi. Xalqimiz ma’rifatli, yoshlarimiz dunyoda hech kimdan kam bo‘lmagan bilimli, orif insonlar bo‘lishi uchun hamma sharoitni yaratish Prezidentning oliy maqsadi edi. Men bugun Prezidentimiz Shavkat Miromonovichga Islom Karimovning xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha qilinayotgan barcha ishlar uchun chuqur minnatdorligimni bildirmoqchiman. Ushbu kitob-albomni yaratish imkoniyati ham ayni shunday munosabat tufayli yuzaga keldi - dedi Tatyana Akbarovna.

Yozuvchilar uyushmasining raisi Muhammad Ali, Islom Karimov tomonidan o‘zligimizni anglash, tarixiy haqiqatni ayniqsa, buyuk ajdodimiz Amir Temur nomini tiklash, ma’naviyatimizni yuksaltirish yo‘lida amalga oshirilgan ishlarga keng to‘xtaldi. Dunyo xaritasida Mustaqil O‘zbekistonni tenglar ichida teng darajasiga ko‘tarishdagi xizmatlarini chuqur hurmat ila tilga oldi.

– Shunday siymolar borki, – dedi Jurnalistlar uyushmasining raisi Sa’dulla Hakimov, – ularning taqdirin Vatan, millat taqdiridan ayri ko‘rish, yohud Vatan, millat taqdirini bu buyuk zotlarning taqdiridan ayri ko‘rib bo‘lmaydi. Islom Karimov bilan ishlagan davrimni millat fidoiysi maktabida saboq olgan yillar sifatida yodimda saqlayman.

«Islom Abdug‘aniyevich doimo inson bu dunyoga baxtli bo‘lish uchun keladi derdilar. Lekin o‘zlari bizlarni baxtli qilish uchun yashadilar». Oliy o‘quv yurti talabasi Abbosova Mehrinozning bu so‘zlari yig‘ilganlarni to‘lqinlantirib yubordi.

Shu yurt uchun, shu xalq uchun jonini fido qilishga tayyor inson Islom Karimovning hayotiy tamoyili ham ayni shunday edi.