ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Milliy iftixorimiz timsoli


18.11.2017

1991-yil 18-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi bilan mamlakatimiz parlamenti tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat bayrog‘i to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Unda milliy bayrog‘imiz davlatimiz suvereniteti ramzi ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i va undagi har bir rang, har bir belgi mamlakatimizning milliy-madaniy an’analari va tabiiy iqlim sharoitlarini o‘zida mujassam etadi. 

Bayroq uchta teng gorizontal chiziq: moviy, oq va yashil ranglardan iborat matoni ifodalaydi. Oq rang tepa va past qismidan qizil chiziqlar bilan ajratilgan. 

Bayroqdagi moviy rang – musaffo osmon va obihayot ramzi bo‘lib, havo va suv hayotning ikki asosiy manbaidir. Oq rang tinchlik, poklik, fikr va harakatlarning ma’naviy tiniqligi, sofligiga ishoradir. Yashil rang esa tabiat va hosildorlik timsoli. 

Qizil chiziqlar – har bir tirik vujudda jo‘shib oqayotgan hayotiy qudrat irmoqlarini ifodalaydi. Bundan tashqari, xalqimiz bu ikki chiziqni O‘zbekiston zaminini obihayot bilan ta’minlovchi Amudaryo va Sirdaryoni ifodalovchi "qon tomirlari" deb ham ataydi. Bayroqdagi yarim oy mustaqil davlatning tug‘ilishi, 12 yulduz esa musaffo osmon ramzidir. Tiniq osmon – bu tinchlik, yorug‘liq, farovonlik belgisidir. 

O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i mamlakatimiz dovrug‘ini butun dunyoga taratish, yurtdoshlarimiz qalbida Vatanga muhabbat, mustaqillik g‘oyalariga sadoqat tuyg‘ularini mustahkamlashning muhim vositasi bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy memorial majmuada Islom Karimovning O‘zbekistonning davlat bayrog‘i eskizini ishlab chiqish jarayonidagi shaxsan ishtiroki haqida so‘zlovchi ko‘plab tarixiy hujjat va materiallar saqlanmoqda. 

Mustaqil O‘zbekistonning bayrog‘i Birlashgan Millatlar Tashkiloti shtab-kvartirasi peshtoqida 1992 yil 2 martdan buyon yuzlab boshqa bayroqlar qatorida hilpirab turibdi. Bu barcha yurtdoshlarimiz ko‘nglini faxr va iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirmoqda. Biz O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi ekanimizdan faxrlanamiz. 

Davlatimiz bayrog‘i Prezident devoni, Oliy Majlisning har ikki palatasi, hukumat, mahalliy boshqaruv organlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik va savdo vakolatxonalari, konsullik muassasalari binolari peshtoqida hilpirab turibdi. O‘zbekiston Prezidentining xorijga safarlari davomida bayrog‘imiz o‘sha mamlakat ko‘chalarini bezab, o‘zgacha fayz bag‘ishlaydi. 1993 yilning oktabrida Prezident Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston davlat bayrog‘i ostida BMT minbarida ilk bor nutq so‘zlagan. 

O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokidagi turli bayram tantanalari, xalqaro tadbirlar chog‘ida, yirik sport musobaqalarida davlatimiz bayrog‘i Vatanimiz sharafini ifoda etadi. 

Harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i oldida tiz cho‘kib, Vatanni fidokorona va sadoqat bilan himoya qilishga qasamyod qiladi. Xalqaro musobaqalarda g‘olib bo‘lgan sportchilar milliy bayrog‘imizni sarbaland ko‘taradi. 

Tarixiy qadriyatlarimiz asosida ishlab chiqilgan, o‘tmish, bugungi kun va kelajakni aks ettiruvchi davlatimiz bayrog‘iga ehtirom har bir fuqaroning muqaddas burchi hisoblanadi. Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov ta’kidlaganidek, milliy ramzlarning har biri milliy g‘urur tuyg‘usini oshirishga xizmat qilib, yoshlarni tarbiya qilishning muhim vositasi hisoblanadi. 

O‘zbekiston Respublikasining davlat bayrog‘i buyuk o‘tmishimiz, sharafli bugunimiz va yorqin kelajagimiz timsolidir. 

 

Ravshan Nazarov,

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti

Islom Karimov nomidagi Ilmiy-ma’rifiy 

memorial majmuaning bosh ilmiy xodimi.