ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Martabali mehmonlar Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirishdi


26.03.2018

25 mart kuni Hindiston Respublikasi tashqi ishlar davlat vaziri Mobashar Javad Akbar boshchiligidagi delegatsiya a’zolari Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy majmuaga tashrif buyurdilar. 

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidentining haykali poyiga gul quyib, uning xotirasiga hurmat bajo keltirildi.

Islom Karimovning rafiqasi Tatyana Karimova hamrohligida yuqori martabali mehmonlar «Butun olamni jo etgan yurak» ko‘rgazmasi bilan tanishdilar.

Mobashar Javad Akbar Tatyana Akbarovna bilan suhbat davomida Islom Abdug‘aniyevich yuksak ma’lumotga ega, dunyoqarashi keng, taraqqiyparvar inson edi, deya e’tirof etdi.

U o‘z mamlakatini XXI asrga shu qadar mohirona boshlab keldiki, o‘zbek xalqi o‘z tarixi, ajdodlarini ulug‘lagan holda zamon bilan hamnafas bo‘lib yashamoqda.

– Bu kun men uchun cheksiz hurmat va imkoniyat taqdim etilgan kun bo‘ldi - deya so‘zini davom ettirdi Davlat vaziri. - Men o‘z davlati uchun yangi davrni boshlab bergan milliy qahramon – Islom Karimovning mardligi, hayotiy qarashlari, insoniy tamoyillarini nigohim bilan qamrab olgandek bo‘ldim.

Men uchun unutilmas damlar. Tatyana Karimova bilan uchrashuvim ham xotiramda uzoq saqlanadi. Men bu ayolning bag‘rikengligi, mehmondo‘stligi hamda o‘z turmush o‘rtog‘i hamda Vataniga nisbatan muhabbatini hech qachon unutmayman.

Bu kabi samimiy fikrlarning davomi faxriy mehmonlar kitobida qoldirilgan dastxatda o‘z ifodasini topdi.

«Ijozatingiz bilan mazkur kitobda mamlakatim va Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovga nisbatan yuksak hurmati ifoda etilgan dastxat qoldiraman» - deb yozadi Mobashar Javad Akbar.

Yuqori martabali mehmonga Hindistonning O‘zbekistondagi elchisi Vinod Kumar, Hindiston tashqi ishlar vazirligi mas’ul xodimi Vishvesh Negi hamrohlik qilmoqda.

Hindiston delegatsiyasi 2018 yil 26-27 mart kunlari Toshkentda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sherikchilik» nomli xalqaro anjumanda ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan.