ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Islom Karimov – O‘zbekiston mustaqilligining me’mori


27.01.2018

2018 yil 26 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti nomidagi Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida “Islom Karimov – O‘zbekiston mustaqilligining me’mori” mavzuida yoshlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. 

Unda oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari va talabalari, harbiy ta’lim muassasalari kursantlari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlari o‘quvchilari, olim, mutaxassislar, shuningdek ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Tadbir ishtirokchilari Islom Karimov haykali poyiga gul qo‘yib, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidentiga hurmat bajo keltirishdi.

Tadbirda “Islom Karimov - O‘zbekiston mustaqilligining asoschisi” nomli hujjatli film namoyish etildi.

So‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimizda Birinchi Prezidentimiz, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov nomini abadiylashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning ahamiyati haqida Islom Karimov hayoti va faoliyati bilan bog‘liq tarixiy voqealar yorqin misollarida so‘zlab berishdi.

I.A.Karimov davlat stipendiyasi sovrindorlari o‘z faoliyatlari haqida gapirib, Birinchi Prezidentimizning yoshlarga bergan e’tibori, barkamol avlod tarbiyasi uchun bugun mamlakatimizda zarur shart-sharoitlar yaratilgani, shuningdek yoshlarning o‘zlari tengdoshlari uchun o‘rnak bo‘lishga harakat qilayotgani haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishdi.

Tadbir ishtirokchilari istiqlolni mustahkamlash, yurt obodligi, mamlakatimiz ravnaqi yo‘lida xalqimiz, Vatanimizga xizmat qilish, fidoyi bo‘lish har birimizning burchimiz, degan yakdil fikr bildirishdi.