ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Islom Karimov haykali poyi gullarga burkandi


30.01.2018

30-yanvar – O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov tavallud topgan kun. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, ushbu sana mamlakatimizda keng nishonlanmoqda. 

Buyuk davlat va siyosat arbobi tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahrida ham ulug‘ Yo‘lboshchimizni yod etishga bag‘ishlangan tadbirlar  erta tongdan boshlandi. 

Registon maydoni yaqinidagi Birinchi Prezidentimiz haykali o‘rnatilgan xiyobonda viloyat jamoatchiligi vakillari, yurtimizning turli hududlaridan kelgan mehmonlar jam bo‘ldi. 

Samarqand viloyati hokimligi va jamoatchiligi, davlat va jamoat tashkilotlari tomonidan haykal poyiga gullar qo‘yildi. 

–Mamlakatimiz mustaqilligi va yangi davlatchiligimiz asoschisi, bugungi obod va farovon hayotimiz bunyodkori Islom Karimov xalqimiz qalbida yashamoqda, – deydi samarqandlik mehnat faxriysi F.Shokirova. – Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida buyuk Yo‘lboshchimiz nomini abadiylashtirish borasida olib borilayotgan ishlardan barcha yurtdoshlarimiz mamnun. Buni havo harorati sovuq bo‘lishiga qaramay bugun erta tongdan ushbu maydonga minglab odamlar gul ko‘tarib kelayotganidan ham bilish mumkin. Bu xalqimizning Birinchi Prezidentimiz xotirasiga bo‘lgan hurmati, u kishidan minnatdorligining yorqin ifodasidir. 

Tadbirda viloyat jamoatchiligi bilan birga, yurtimizning boshqa hududlaridan kelgan mehmonlar ham ishtirok etdi va Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdi. 

–Birinchi Prezidentimiz biz, yoshlar uchun barcha sharoit va imkoniyatlarni yaratib bergan, bu ishga butun borlig‘ini bag‘ishlagan inson edilar, – deydi Urganch davlat universiteti talabasi, Islom Karimov fondi stipendiyasi sohibi A.Ismoilov. – Biz bugun erishayotgan ozmi-ko‘pmi yutuqlarda u kishining xizmatlari beqiyos. Bunga javoban, albatta, o‘qish va mehnat faoliyatimizda yuqori natijalarga erishib, yurtimiz taraqqiyotiga hissa qo‘shamiz, ajdodlarimizga munosib voris bo‘lamiz. 

Tadbirlar doirasida Samarqand shahri jamoatchiligi va mehmonlar uchun ehson oshi tortildi. 

Tadbirda Samarqand viloyati hokimi T.Jo‘rayev ishtirok etdi. 

 

G‘olib Hasanov, O‘zA