ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Hamkorlikning ilk qadamlari


10.12.2018

Ma’lumki, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida davlat rahbari bo‘lib ishlagan shaxslarning nomini abadiylashtirish maqsadida turli majmualar, muzeylar va uy muzeylari tashkil etilgan. Ushbu maskanlar o‘sha yurtning sayyohlik xaritasida e’tiborga molik ziyoratgoh joylar sifatida belgilab qo‘yilgan. Ularning aksariyati, shu jumladan Hamdo‘stlik hududidagi markaz va muzeylar ham ko‘p yillardan beri faoliyat yuritib kelmoqda.

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi ushbu markazlar bilan yaqin aloqalarni yo‘lga qo‘yish, ularning ish faoliyati bilan bevosita tanishib hamkorlik istiqbollarini belgilab olishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

 

Yaqinda Majmua xodimlari tomonidan Turkiyaga amalga oshirilgan xizmat safari tajriba orttirish nuqtai-nazaridan o‘ta samarali kechdi. To‘g‘ri, hozirda internet tarmog‘i orqali istagan muzey haqida keraklicha ma’lumot to‘plash mumkin. Biroq, aynan ish yuritish bo‘yicha, ya’ni muzeylashtirish, fondlar bilan ishlash, ilmiy izlanishlarni izchil davom ettirish, xodimlarning malakasini oshirish, reklama va axborot xizmatini tashkil etish, muzeylarni jihozlashda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish kabi ko‘plab muhim masalalarni hal etishda bevosita uchrashuv va muzokaralarning ahamiyati ham, foydasi ham katta ekanligini inkor etib bo‘lmaydi.

 

Turkiya Hamkorlik va Muvofiqlashtirish agentligi –TIKAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi taklifiga ko‘ra, majmua xodimlari Istanbul va Anqara shaharlaridagi muzeylarga tashrif buyurib, mazkur idoralarning rahbarlari, mutaxassislar va xodimlar bilan yaqin muloqotda bo‘ldilar.

 

Anitkabir yodgorlik majmuasi, Birinchi va Ikkinchi Parlamentlarning muzeylari, mamlakatning ikkinchi Prezidenti uy-muzeyi, Dolmabaxcha saroyi kabi tarixiy maskanlarda O‘zbekistonlik va Turkiyalik hamkasblar bir-birlariga qiziqarli bo‘lgan ma’lumotlar bilan o‘rtoqlashdilar, juda ko‘p mavzularda o‘zaro fikr yuritdilar, ikki tomonlama sovg‘a-salomlar ulashildi. Muzeylarning zallari, xonalarning texnik jihozlanishi, tarixiy eksponatlarning mantiqiy joylashtirilishi va boshqa ko‘plab jihatlar Islom Karimov yodgorlik majmuasi xodimlarida unutilmas taassurot qoldirdi.

 

Toshkentga qaytgach, Muzey direktori Alisher Ishmatov va fotosuratchi Farxod Kurbonboyevlar tomonidan Turkiya safari yuzasidan o‘ziga xos taqdimot tayyorlandi. Shu tariqa, majmua xodimlari va mutaxassislar muhim ahamiyatga molik yangiliklar va zarur ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.

 

 

 

 

 

Farxod Kurbonboyev olgan suratlar