ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

«Dunyoga tanilgan, dunyo tan olgan»…


23.01.2019

Islom Karimov nomidagi yodgorlik majmuasida joylashgan, «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasi yangi, nodir va qimmatli eksponatlar bilan boyitildi.

 

Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Karimova tomonidan ko‘rgazmaga taqdim etilgan, orden va medallardan iborat mukofotlar to‘plami Islom Karimovga xorijiy davlatlarning yetakchilari, xalqaro tashkilot va tuzilmalarning rahbarlari tomonidan topshirilgan.

 

Namoyish etilayotgan to‘plam, Birinchi Prezidentimizga berilgan oliy darajadagi xalqaro mukofotlarning bir qismi xolos. Kelgusida, mazkur eksponatlar to‘liqligicha Islom Karimov nomidagi muzey ekspozitsiyasidan o‘rin egallaydi.

 

Ko‘rgazma ekspozitsiyasidan o‘rin egallagan mukofotlar qatorida Islom Karimovga topshirilgan Koreya respublikasining Katta «Mugunaxva» ordeni, Bolgariya Respublikasining oliy davlat mukofoti «Star Planin» ordeni, Italiyaning «Xizmatlari uchun» ordeni, Polshaning 1 darajali «Xizmatlari uchun» ordeni, Ispaniyaning «Fuqarolik xizmatlari uchun» ordeni, Litvaning «Buyuk Vitautas» ordeni o‘rin egallagan. Ular orasida shaxsan Tatyana Akbarovnaga topshirilgan mukofotlar ham bor.

 

Ko‘rgazmaga tashrif buyurayotganlar, ayniqsa yosh avlod vakillarida yangi eksponatlar katta qiziqish uyg‘otayotgani tabiiydir. Bu kabi ekspozitsiya keng omma e’tiboriga birinchi marta taqdim etilmoqda.

 

Respublikamizning oliy darajadagi unvoni «O‘zbekiston Qahramoni» unvoni sohibi Islom Karimov mukofotlash masalasida o‘z xalqiga nisbatan serhimmat va bag‘rikeng bo‘lgan. Hamyurtlarimizdan tashqari qanchadan-qancha xorijiy davlatlarning vakillari Birinchi Prezidentimiz qo‘lidan turli darajadagi davlat mukofotlarini qabul qilib olgan.

 

Shuning barobarida, Islom Abdug‘aniyevichning o‘zlarini taqdirlash haqida mutasaddi idoralardan taklif tushganida, u kishi mamlakatimizda mard va fidoyi, mukofotga loyiq insonlar ko‘pligini, avvalo ularni taqdirlash lozimligini ta’kidlab, taklifni rad etardilar.

Buyuklik kamtarlikda zohir bo‘lishining tasdig‘idir bu.