ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Buyuk inson qalbimizda


22.02.2022

Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 84 yilligiga bag‘ishlab, ijtimoiy tarmoqlarda ijodkor yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan tanlovning “Buyuk inson qalbimizda” deb nomlangani bejiz emas. 

Islom Karimov haqiqatan buyuk tarixiy shaxs edi. U buyuk ishlari tufayli sayyoramizning nufuzli siyosatchilaridan biri sifatida tan olindi.

Birinchi Prezidentimizning muvaffaqiyatlari jaxonda O‘zbekiston muvaffaqiyati sifatida tan olindi. Islom Karimov rahnamoligida O‘zbekiston tom ma’noda Mustaqillikka erishdi.

Yurt etakchisi esa, o‘ziga qo‘l bilan tiklab bo‘lmaydigan haykal qo‘ydi. Haykalning nomi esa “Xalq mehri, sadoqati va ishonchidir”. Uning siymosi insonlarning qalbidan chuqur joy egalladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tanlov va unda yoshlarning faol ishtiroki fikrimizning yorqin tasdig‘idir.

19 fevral kuni Yodgorlik majmuasida tanlov g‘oliblarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.

Turli viloyatlardan tashrif buyurgan hamyurtlarimiz  “Butun olamni jo qilgan yurak”  fotoko‘rgazmasini katta qiziqish bilan tomosha qildilar.

Taqdirlash marosimi, majmua xududida joylashgan Isom Karimov nomidagi kutubxonaning majlislar zalida o‘tkazildi. Tadbirda Birinchi Prezidentning rafiqasi Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi Vasiylik Kengashining a’zosi Tatyana Karimova, Respublika ma’naviyat va ma’rifat markazi raxbari Minxojiddin Mirzo, Sog‘lom avlod uchun Xalqaro xayriya fondining raxbari Svetlana Inomova, Islom Karimov fondi Boshqaruv raisi Botir Ubaydullaev, Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomchilik va dizayn instituti professori Sobir Raxmetov, Yodgorlik majmuasi raxbari Temur Shirinov xozir bo‘ldilar.

Mazkur tanlov ijtimoiy tarmoqdagi “Islom Karimov” kanalining asoschisi Eldor Umurzoqov tashabbusi bilan tashkil etilgan. Uning o‘tkazilishida “Islom Karimov”, “Mening Birinchi Prezidentim”, “Doch Karimova” kanallarining asoschilari hamda “Islom Karimov” kanalining administratorlar guruxi faol ishtirok etganlar.

Tanlov Birinchi Prezident xotirasiga bag‘ishlangan “Eng yaxshi videorolik”,  “Eng yaxshi maqola va she’r”,  “Eng yaxshi chizilgan surat” nominatsiyalari bo‘yicha o‘tkazildi.

Kechada g‘olib chiqqan yoshlarning ijod maxsullari namoyish etilib, mualliflar tomonidan she’r va maqolalar o‘qib eshittirildi.

G‘oliblarga Islom Karimov hayoti va faoliyatiga bag‘ishlab chop etilgan xotira kitoblari, fotoalbomlar, medallar va markalar to‘plamlari sovg‘a qilindi.

Ta’kidlash joiz, sovg‘alar asosan, mazkur tadbirga alohida mehr bilan yondoshgan Tatyana Akbarovna tomonidan taqdim etildi.

Birinchi Prezidentimizning rafiqasi barcha yig‘ilganlarga, ayniqsa tanlov qatnashchilariga o‘zining samimiy minnatdorligini izxor qilib, hayoti, faoliyati va ijodida ulkan zafarlar tiladi.

Uchrashuv nihoyatda samimiy va ko‘tarinki ruxda o‘tdi.

So‘zga chiqqanlar xalqimizning cheksiz muhabbatini qozongan, mustaqil mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘anievich Karimov qalblarimizda abadiy qolishi, ayniqsa, kelajak avlodlar xotirasida tinchlik, barqarorlik, farovonlik va taraqqiyot rahnamosi, buyuk davlat arbobi sifatida mangu yashashi xaqida to‘lqinlanib gapirdilar. Kecha yakunida ko‘pchilik esdalik uchun suratga tushish istagini bildirgani bois, fotosuratchi va tasvirchilarning qo‘li qo‘liga tegmadi.

 

F.Kurbanbaev fotosuratlari