ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Jonajon Vatanimizni sevish va qadrlashni o‘rgatgan inson


22.01.2018

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2017 yil 27 noyabr kuni imzolangan “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ham xalqimiz tomonidan mamnuniyat bilan kutib olindi.

Zero, Birinchi Prezidentimizning el-yurtimiz ravnaqi yo‘lidagi buyuk tarixiy xizmatlari hech qachon unutilmaydi. Biz ayrim yurtdoshlarimizning bu haqdagi fikrlariga quloq tutdik.

Aziz QAYUMOV, akademik:

— Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov o‘zining serqirra siyosiy faoliyati, olijanob insoniy fazilatlari bilan Vatanimiz tarixida o‘chmas iz qoldirdi. Ulug‘ Yo‘lboshchimiz nafaqat O‘zbekiston, balki jahon miqyosida katta hurmat hamda obro‘-e’tiborga sazovor bo‘lgan shaxs va arbob edi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz rivojiga ulkan hissa qo‘shgan ulug‘ yurtdoshlarimiz xotirasiga munosib ehtirom ko‘rsatilayotgani har birimiz uchun ibratlidir. Ayniqsa, Islom Karimov xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha e’lon qilingan mazkur qarorda bir qator ezgu tadbirlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligi tomonidan “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyida “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov faoliyati xronikasi (solnoma)” kitobi, “Ma’naviyat” nashriyotida Islom Karimovning “Yoshlar bugungi va ertangi hayotimizning hal qiluvchi kuchidir”, “Yuksak ma’naviyat — yengilmas kuch” asarlarini, shuningdek, “Prezidentga maktublar” kitobini nashr etish hamda belgilangan tartibda ta’lim maskanlari, axborot-resurs markazlari, madaniy-ma’rifiy muassasalar va mahallalarga yetkazishga urg‘u berilgani shular jumlasidandir.

Shayx Sa’diy aytadi: “Bir gulni e’zozlasang, bog‘ yaratgandek savobga qolasan”. Bugun o‘tganlar xotirasiga ko‘rsatilayotgan beqiyos e’zozu hurmat ham ana shunday savobga yo‘g‘rilganligi bilan alohida e’tiborlidir.

Xolidjon KOMILOV, O‘zbekiston Qahramoni:

— Bugungi dorilamon kunlar, ozodlik, farovonlik, fayzu baraka osmondan tushgani yo‘q. Birinchi Prezidentimizning qat’iy azmu shijoati mamlakatimizning davlat sifatida shakllanishida hamda rivojlanishida asosiy tamal toshi bo‘ldi.

Yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning nomini abadiylashtirishga oid tashabbuslariga binoan juda xayrli va savobli ishlarga qo‘l urilmoqda. Chunonchi, poytaxtimizdagi xalqaro aeroportga Islom Karimovning nomi berilishi kattayu kichik, ayniqsa, u kishini yaqindan bilgan hamda ko‘rgan bizdek keksalar uchun juda katta voqea bo‘ldi. Negaki, bundan 25 — 30 yil avval poytaxtimiz qiyofasi zamonaviy shaharsozlik talablariga umuman javob bermas edi. Birinchi Prezidentimiz istiqlol arafasidayoq mamlakatimizning bosh shahrini tubdan o‘zgartirish, odamlarga yashash uchun qulay shart-sharoit yaratishga bel bog‘ladi. O‘tgan yillar davomida bu yerda qad rostlagan ko‘rkam binolar, ma’naviy-ma’rifiy obidalar, stadionlar, madaniyat hamda istirohat bog‘lari, ravon yo‘llar, ko‘priklar, maktab, kasb-hunar kollejlari va akademik litseylar, oliy o‘quv yurtlarining binolari Toshkent ko‘rkiga ko‘rk qo‘shdi. Buni har birimiz katta mamnuniyat, faxru iftixor bilan tilga olamiz. Ushbu bunyodkorliklarning barchasi Birinchi Prezidentimizning “Bizdan ozod va obod Vatan qolsin!” degan so‘zlarini hamisha yodimizga solib turadi.

Hasan NORMURODOV, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi:

— Mazkur qarordan har bir yurtdoshimiz, xususan, samarqandliklarning qalbi g‘ururga to‘ldi, desak, mubolag‘a emas. Negaki, bugun Samarqandni nafaqat ulug‘ allomalari, tarixiy obidalari, balki Islom Karimovdek benazir shaxs voyaga yetgan zamin sifatida ham butun dunyoda yaxshi bilishadi.

Ko‘hna va hamisha navqiron shahrimizda Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning haykali qad rostladi. Ayni kunlarda esa Xotira majmui bunyod etilayotgani ham ezgu va savobli ishlarning amaliy ifodasidir. Negaki, Buyuk Yo‘lboshchimiz mangu qo‘nim topgan manzilda qurilayotgan Xotira majmui har bir yurtdoshimiz, yoshlar, xorijiy mehmonlar, qolaversa, kelgusi avlodlar uchun ham eng tabarruk ziyoratgoh bo‘lib qoladi.

Yanvar INOYATOV, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi Qashqadaryo viloyati bo‘limi raisi:

— Islom Abdug‘aniyevich Karimov! Bu ulug‘ inson nomi mustaqilligimiz asoschisi, buyuk davlat hamda siyosat arbobi sifatida qalblarimizda mangu yashaydi. Binobarin, Birinchi Prezidentimizning jasorati va matonati tufayli xalqimiz o‘zligini angladi, azaliy qadriyatlarimiz tiklandi, dunyoda o‘z so‘zimiz hamda ovozimizga ega bo‘ldik.

Mustaqil davlatimiz asoschisi, O‘zbekistonni yuksak taraqqiyot yo‘liga olib chiqqan buyuk davlat arbobining xotirasi yuksak e’zozlanayotganidan biz, qashqadaryoliklarning qalbi g‘ururga to‘ladi. Prezidentimiz qaroriga ko‘ra, juda ko‘p tadbirlar qatori Qarshi shahrida Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlab haykal o‘rnatish va tantanali ochilish marosimini o‘tkazish belgilangani butun voha ahlini xushnud etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “jonajon Vatanimiz — O‘zbekistonimizni, mustaqilligimizni, tinch va obod hayotimizni sevish va qadrlashni, o‘z yurtimizga mehr-muhabbatni biz ulug‘ Yurtboshimizdan o‘rganganmiz”. Ana shu tuyg‘u barchamizni Vatan ravnaqi uchun munosib hissa qo‘shishga undayveradi.

«Xalq so‘zi» muxbiri
Maqsud JONIXONOV
yozib oldi.