ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Sarbon yurgan yo‘llarda


13.02.2018

Ustoz, Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov shu mahallada tug‘ilib o‘sganmi?

– Islom Karimov o‘qigan maktabga ham kiramizmi?

– Maktab muzeyida Islom Karimov o‘tirgan partani ham ko‘ramizmi?

– Islom Karimov haykaliga olib borasizmi?

Birinchi Prezidentimiz sharafiga nomlangan Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab qatnayotgan elektromobil yo‘lovchilari – Samarqand shahridagi 71-umumta’lim maktabi o‘quvchilarining savollariga birma-bir javob berar ekan, Navro‘za Suyarqulovaning hayajoni ortib borardi: 

– Bolalar, biz Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan Dahbedi mahallasi yaqinidamiz. Ulug‘ Yurtboshimizning bolaligi shu yerlarda o‘tgan. Mana bu – Birinchi Prezidentimiz o‘qigan 21-umumta’lim maktabi. Islom Karimov maktabda faqat a’lo baholarga o‘qigan, eng faol, yetakchi o‘quvchi bo‘lgan.

Turli to‘garaklarda, sport musobaqalarida qatnashgan.

Maktab muzeyida Islom Karimovning o‘quvchilik yillariga oid juda ko‘p ashyolar saqlanadi. Mustaqilligimiz asoschisi bo‘lgan Islom Karimov Samarqandda tug‘ilib o‘sgani, shu yerdagi maktabda tahsil olgani hammamizga g‘urur va iftixor bag‘ishlaydi. Siz ham yaxshi ta’lim-tarbiya olib, Vatanimizga munosib farzandlar bo‘lishingiz kerak. 

O‘quvchilar bir olam taassurotlar bilan Islom Karimov haykali o‘rnatilgan xiyobonga yetib keldi. 

Maskan ziyoratchilar bilan gavjum. 

– Samarqandni ziyorat qilish uchun oilamiz bilan Qashqadaryodan keldik, – deydi Qarshi shahrida yashovchi Anvar Sayfullayev. – Nevaralarim Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan shaharni, u kishi o‘qigan maktabni ko‘rsin, Buyuk Yo‘lboshchimiz yurgan yo‘llarga qadami tegsin, dedim. Islom Karimov o‘z xalqini cheksiz mehr bilan sevdi, hayotini O‘zbekistonga xizmat qilishga bag‘ishladi. Yo‘lboshchimizning xotirasi xalqimiz qalbida adabiy saqlanib qoladi. 

Buyuk sarbon yurgan yo‘llarda elektromobillar yana bir guruh ziyoratchilarni olib, Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab ulug‘vor maqbara tomon ketdi.

Zilola Omonova