ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

OQSAROY (Islom Karimov haykali oldida kechgan o‘ylar)


16.11.2017

Bundan bir yil oldin boshimizga tushgan og‘ir musibat tufayli huvillab qolgan Oqsaroy qarorgohi bugun Islom akaning mehrli siymosi tufayli yanada ochilib, nurafshon bo‘lib, el-yurtimizni o‘z bag‘riga chorlamoqda.

...Ishonaman, Islom Abdug‘aniyevichning muhtasham haykali qad rostlagan ushbu qutlug‘maskan xalqimiz, barcha yoshlarimiz uchun Vatanga yuksak mehr va sadoqat ko‘rsatib yashashning chinakam timsoliga aylanadi, katta tarbiya va ibrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi.
Shavkat MIRZIYOYEV

Butunlik

Bir yildan oshdiki, O‘zbekiston Islom Karimovsiz hayot kechiryapti. Biroq bu buyuk davlat va siyosat arbobi boshlagan ezgu ishlar izchil davom etmoqda. U barpo etgan davlat ravnaq topmoqda. Xalq o‘z rahnamosi asoslab bergan yo‘ldan og‘ishmay olg‘a qadam tashlayotir. Birinchi Prezidentimizning ruhi hamisha xalqimiz bilan birga. Chunki mustaqillik va Islom Karimov – bir-biriga chambarchas bog‘liq, birini ikkinchisidan aslo ajratib bo‘lmaydigan bir butun tushunchadir. O‘n yillar o‘tar, yuz yillar o‘tar, bu fikr mustahkamlangandan mustahkamlanib boraveradi.

Tabarruk maskan

2016 yil oktyabrda Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi tuzildi. 2016 yil 2 dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Buyuk davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov siymosi tasvirlangan haykalni yaratish bo‘yicha xalqaro ijodiy tanlovni tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi. Shu yil 25 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimov xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida”gi qarori imzolandi. Qaror asosida, Islom Karimov ko‘p yillar davomida faoliyat olib borgan Toshkent shahridagi Oqsaroy qarorgohida Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil etildi. Shuningdek, har yili Birinchi Prezidentimiz tavallud topgan 30 yanvar kunini nishonlash, u kishini yod etish maqsadida 2 sentyabr kunini Xotira kuni sifatida nishonlash belgilandi.

1990 yilning 20 iyunida Mustaqillik Deklaratsiyasini qabul qilgan O‘zbekiston SSR Oliy Sovetining ikkinchi, shuningdek, 1991 yil 31 avgustda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi e’lon qilingan 12-chaqiriq O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasi o‘tgan majlislar zali ham Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tarkibiga kiradi. Kelajakda mamlakatimiz fuqarolari, xorijlik mehmonlar ana shu tabarruk majmuani ziyorat qilar ekan, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov faoliyat olib borgan tarixiy sharoit bilan yaqindan tanishish imkoniga ega bo‘ladi.

Shu yilning 31 avgust kuni 1999 yili bunyod etilgan Oqsaroy qarorgohi oldida O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimov haykali ochildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning ana shu haykali ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi so‘zida Oqsaroy qarorgohini tabarruk maskan deya ta’rifladi. 2 sentyabr kuni esa bu ulug‘ zot tug‘ilib o‘sgan Samarqand shahrida ham uning haykali o‘rnatildi. 

2018 yilning 30 yanvari – Islom Karimov tavalludiga 80 yil to‘lgan kuni u ishlagan Qashqadaryo viloyatining markazi bo‘lmish Qarshi shahrida haykal ochiladi, Samarqand shahrida yodgorlik majmuasi barpo etish ishlari to‘la oxiriga yetkaziladi.

Amir Temur poytaxtlari

Amir Temur o‘zi tuzgan davlatni dastlab Shahrisabzda turib boshqargan edi. Keyin poytaxtni Samarqandga ko‘chirdi. Chunki Shahrisabz uncha katta shahar emasdi, bu shaharga tog‘ oshib, dovon orqali borish kerak, uchinchidan, Samarqand esa Buyuk ipak yo‘lining markaziy chizig‘i ustida edi. 

Bu haqda Zahiriddin Muhammad Bobur shunday yozadi: “Yana Kesh viloyatidur, Samarqandning janubidadur, to‘qquz yig‘och yo‘ldur. Samarqand bila Kesh orasida bir tog‘ tushubtur, Itmak doboni derlar, sangtaroshliq qilur toshlarni tamom bu tog‘din eltarlar. Bahorlar sahrosi va shahri va bomi va tomi xo‘b sabz bo‘lur uchun Shahrisabz ham derlar. Temurbekning zodu budi (tug‘ilgan yeriS. O.) Keshdin uchun shahr va poytaxt qilurig‘a ko‘p sa’y va ehtimomlar qildi, oliy imoratlar Keshta bino qildi. O‘ziga devon o‘lturur uchun bir ulug‘ peshtoq va yana o‘ng yonida va so‘l yonida tavochi (hokimS. O.) beklari bila devon beklari o‘lturub, devon so‘rar uchun ikki kichikroq peshtoq qilibtur. Yana savrun eli o‘lturur uchun bu devonxonaning har zil’ida (qovurg‘asidaS. O.) kichik-kichik toqchalar qilibtur, muncha oliy toq olamda kam nishon berurlar. Derlarkim, Kisro toqidin bu biyikraktur. Yana Keshda madrasa va maqbara qilibtur. Jahongir Mirzo va yana ba’zi avlodining maqobiri andadur. Chun Keshning qobiliyati shahr bo‘lmoqqa Samarqandcha emas edi, oxir poytaxt uchun Temurbek Samarqandni-o‘q ixtiyor qildi”. 
“Ulug‘ peshtoq”
deganda buyuk adib aynan Shahrisabzdagi Oqsaroyni ko‘zda tutgan. 
Turkiy davlatchilik tarixida Oqsaroy nomi ko‘p uchraydi.

Shahrisabzdagi Oqsaroy

Birinchisini Shahrisabzda 1380–1404 yillar mobaynida Amir Temur qurdirgan. Tarixchilar balandligi 71 metr keladigan dunyoga mashhur bu yodgorlikni Sohibqiron onasining xotirasi uchun bunyod etganini bitishadi. Bu koshona peshtoqiga: “Kimki bizning shon-shuhratimizni ko‘rmoqchi bo‘lsa, biz barpo etgan imoratlarga nazar solsin”, – deb yozdirgan. Oqsaroyning 38 metri saqlanib qolgan.
O‘zbekiston Qahramoni, xalq shoiri Abdulla Oripov bu buyuk imorat haqida shunday o‘lmas satrlarni bitgan:

Qancha jahongirlar izsiz yo‘qoldi,
Moziy barchasini bag‘riga oldi.
Niyati oq ekan Sohibqironning,
Undan mangu yodgor – Oqsaroy qoldi. 

Ko‘rgan ko‘zlar ta’rifi

Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma”sidagi “Sohibqironi saodatmand Kesh qal’asini solib, Oqsaroy imoratini buyurg‘oni” faslida Amir Temur qurdirgan Oqsaroy, jumladan, shunday ta’riflanadi: “Sichen (maymun) yilda – tarix yetti yuz sakson birda (1380, mart) ul shaharg‘a qal’a soldurdi va jahdlab, tamom qildurdi va andoq shahar bo‘ldikim, gardun muhandisi muncha yoshi bilan olamni kezib, hech bir yerda mundoq shahar va ko‘shk ko‘rmagan turur”. Olim Oqsaroy qurilishining boshlanishi haqida quyidagicha she’riy satrlar ham bitadi:

Yerdan to samo qadar ko‘tarilgan yangi Oy,
Nomi ila ataldi tanho go‘zal Oqsaroy.
Asarda Sohibqiron Amir Temur besh yillik muzaffarona yurishlardan keyin Shahrisabzga kelishi ham tasvirlangan. “Sohibqironi komkor besh yillik yurishdin qaytib, Samarqand borib tushkoni” faslida shunday yozadi: “Podshohzodalar va beklar barcha Oqsaroyda to‘y etib, ayshu ishratqa mashg‘ul bo‘ldilar va andin saodat va iqbol bila ko‘chub, Kesh uqbasidin o‘tub, Samarqand shahrig‘a borib tushti”.
Oqsaroy, xususan, ispan elchisi Ryui Gonzales de Klavixoni hayratga solgan. U bu g‘aroyib imoratni o‘z kundaliklarida shunday tasvirlaydi:
“Saroyga juda uzun yo‘lakdan, bag‘oyat baland darvoza orqali kiriladi... Hovlining o‘rtasida katta hovuz jilolanib turibdi. Hovli sahnining kengligi uch yuz qadam keladi... Qabulxona devorlari ham oltin, lojuvard va koshinlar bilan mohirona bezatilib, ustiga tilla suvi yugurtirilgan. Bu yerda elchilarni yuqori qavatga olib chiqdilar. Bu qavatda boshdan-oyoq zarhallangan bo‘lma va hashamatli xonalarni shu qadar ko‘p ko‘rsatishdiki, ta’rifini ado qilib bo‘lmaydi. Bo‘lma va xonalarga zarhal, zangori va boshqa bo‘yoqlar bilan zargarona hal berilgan, bezash ishlarining barchasi oltin, lojuvard hamda qimmatbaho toshlardan qilinganki, chevar ustalarga ega bo‘lgan Parij ham bu naqshlardan hayratga tushishi hech gap emas”.

Oqsaroyning yangi umri

Oqsaroyning muayyan parchasigina, aniqrog‘i, ulkan peshtoqi, ikki chekkasidagi minorasi, saroy poydevorining bir qismigina saqlanib qolgan, xolos. Shuning mahobati ham kishini lol etadi. Yonida 1996 yili Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan Sohibqiron haykali o‘rnatildi. Uning ochilishida Islom Karimov shunday degan edi: “Mana shu qarshimizda turgan Oqsaroy har birimiz uchun tariximizning aziz va mo‘’tabar yodgorligidir. Bu ulug‘ bino ham mustamlakachilar tajovuzining qurboni bo‘lganini yaxshi bilasiz. Sohibqironning ulug‘vor haykali aynan Oqsaroy oldida qad rostlagani bejiz emas. Buning o‘ziga xos chuqur ramziy ma’nosi bor”.
Shahrisabzdagi Oqsaroy YuNESKOning Butunjahon madaniy merosi ro‘yxatiga kiritilgan. 
Oqsaroy nomi hamon yashayapti: Shahrisabzda “Oqsaroy to‘qimachi” O‘zbekiston – Turkiya – Yaponiya qo‘shma korxonasi faoliyat yuritadi. 

Samarqanddagi Oqsaroy

Samarqandda Abu Said Mirzo (1449 – 1469) hamda Sulton Ahmad Mirzo (1469 – 1494) hukmronligi davrida temuriylarning so‘nggi dahmasi sifatida bunyod etilgan imorat ham Oqsaroy deb atalgan.
Vorisiylik va mutanosiblik
Islom Karimov tashabbusi bilan 1999 yili Toshkent shahrida o‘sha paytdagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti devoni hududida davlat rahbarining qarorgohi bunyod etildi. Tarixiy davlatchiligimiz an’anasidan kelib chiqqan holda unga Oqsaroy deb nom berildi. Islom Karimov to umrining oxiriga qadar shu qarorgohda ishladi. Yana tarixga qaytib I.Karimov faoliyatini tahlil etadigan bo‘lsak, u kishining bunyodkorlik g‘oyalarining har birida o‘ziga xos ma’no ko‘ramiz. Amir Temur Samarqandda ham saroy qurdirdi. Va uni “Ko‘ksaroy” deb atadi. Oradan 6-7 asr o‘tkach esa O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Toshkent viloyatidagi Do‘rmon qishlog‘ida bunyod etilgan qarorgohiga ham Ko‘ksaroy deb nom berildi.
Amir Temur davlati bilan mustaqil O‘zbekiston davlati o‘rtasidagi bu vobastliklar zamiridagi g‘oyani anglash qiyin emas, albatta. Amir Temur saltanati o‘zbek milliy davlatchiligining eng gullagan davrini tashkil etadi. Mustaqil O‘zbekiston Respublikasi esa ana o‘sha milliy davlatchilik an’analariga suyanadi, u, birinchi galda, Sohibqiron Amir Temur davlatining vorisi hisoblanadi. 

Hirotdagi Oqsaroy

“Boburnoma”ning ikki joyida “Oqsaroy” so‘ziga duch kelamiz. Birinchisida muallif Xuroson (hozirgi Afg‘oniston)dagi Qorabog‘ degan joy yonidagi Oqsaroy o‘langini tilga oladi. Shundan kelib chiqib, bu yerda Oqsaroy nomli yaylov nazarda tutilgan, deyish uchun asos bor.
Ikkinchisida Bobur 1506/1507 yili yigirma kun Hirotda bo‘lganida ziyorat qilgan joylarini sanar ekan, bunday joylar qatori “Sulton Abusaid mirzo solg‘on darvozayi Iroqning toshida Oqsaroy”ni ham tilga oladi. Bu parchada bugungi o‘quvchi uchun aniqlashtirib olish kerak bo‘lgan bir jihat bor: Sulton Abusaid mirzo darvozayi Iroqni qurdirganmi yoxud Oqsaroynimi? Hoynahoy, bu temuriy hukmdor shahar qal’asi tashqarisida Oqsaroy qurdirgan bo‘lishi kerak, deb o‘ylab turganingizda Alisher Navoiyning “Majolis un-nafois” tazkirasi yordamga keladi. Unda Mavlono Ishqiy ta’riflana turib, “Sulton Abu Said Mirzo Oqsaroyni yasaganda imoratning kitobasi uchun shuarog‘a she’r buyur”ganini yozadi va bu “imorat ta’rifida aning she’ri yaxshi tush”ganini ham qayd etadi.

Turkiyadagi Oqsaroy shahri

Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarida Amir Temur egallagan shaharlar orasida Oqsaroy ham tilga olinadi. Bu – hozirgi Turkiya Respublikasining Ichkari Onado‘li deb yuritiladigan qismidagi shahar. Bu asarda Amir Temur Boyazid Yildirim o‘n ikki yil bandilikda saqlagan Amir Muhammadni ozod qilib, unga ko‘p shahar va viloyatlarni, jumladan, Oqsaroy va Oqshahr shaharlarini ham berganini yozadi. Turkiya markaziy hududlaridagi Oqsaroy degan shahar hozir ham shu nom bilan yuritiladi. Demak, Turkiyada Oqshahr degan shahar ham bo‘lgan.

Xivadagi Oqsaroy

Xiva xoni Abulg‘oziy Bahodirxon (1686 – 1688) Xivadan 1 farsax (6-7 km) masofadagi Oqsaroyda o‘ziga qarorgoh qurdirgan. Kunduzlari o‘sha yerda bo‘lib, tunlari Xivaga qaytgan. 1688 yili Xivadan Oqsaroyga borayotganida Badrxon arig‘i ko‘prigidan o‘tayotganida otdan yiqilib, halok bo‘lgan.

Qo‘qondagi Oqsaroy

Abdulla Qodiriy qalamiga mansub “Mehrobdan chayon” romanining “Zulm o‘chog‘i” nomli faslida muhim dalilga duch kelamiz: “Xudoyorxong‘a 1283-nchi yilda uchunchu martaba taxtka chiqish nasib bo‘ldi. ...1285-nchi yilda Qo‘qonning Urganch mavze’ida mashhur Oqsaroyni soldirdi, uzoq joydan arig‘ qazitib kelib, Oqsaroy atrofini sug‘ortirdi”. Bu Qo‘qondagi o‘rda emas. Chunki shu asarda bu imoratning bunyod etilishi keyinroq amalga oshgani bitiladi: “1286-nchi ...Amir Umarxon tarafidan asosi qo‘yilg‘an ma’lum yangi o‘rdani ham tevaragida bog‘ va gulzorlari bilan ishlatib, bitirdi”. Asarning “Qirq qizlar” faslida Xudoyorxonning 155 kanizi bo‘lgani, ulardan 14 nafari Oqsaroyda xizmat qilgani ham yozilgan. 

Toshkentdagi Oq uy

Toshkentning Mustaqillik maydonidagi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati joylashgan bino o‘rnida Turkiston general-gubernatorining qarorgohi bo‘lgan. Uni “Oq uy” deb atashgan. Bu “Oq uy” binosi 1918 yili O‘rta Osiyo muzeyiga aylantirilgan. Keyinchalik “Oq uy” o‘rnida hukumat uyi qurilgan. 2004 yili shu hukumat uyi o‘rnida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati binosi qad rostladi.

Buxorodagi Xonayi safed – Oq uy

Samarqand tarafdan Buxoroga kiraverishda yo‘lning chap tarafida, dastlab Amir Nasrulloxon davrida qurilishi boshlangan, Amir Olimxon zamonida oxiriga yetkazilgan Sitorayi Mohi xosa qasri bor. Amir yoz mahallari mamlakatni shu saroydan turib boshqargan. Asosiy imoratning so‘ngida taxtxona bor. Amir o‘sha yerda o‘tirgan. U Xonayi safed, ya’ni Oq uy deb ataladi. 
Umuman, ana shu majmua ham, undagi Oq uy ham XX asr boshlaridagi milliy san’atimizning eng ajoyib, eng go‘zal me’moriy namunasi hisoblanadi. 

Kremldagi “Oq uy”

Hukmdorlar qarorgohining imkon qadar oq bo‘lishiga e’tibor katta bo‘lgan. Moskva Kremli dastlab XI – XII asrlarda kichik bir tepalik sifatida barpo etilgan. 1339 – 1340 yillari devor va minoralari dubdan va oq toshdan qayta qurilgan. Shuning uchun 1367 yildan bu qal’a “Oq toshli Moskva” deb ham atalgan. Kremlning ham maxsus xonasi “Oq uy” deb ataladi. 

Vashingtondagi Oq uy

AQSh Prezidentining qarorgohi aynan Oq uy deb yuritiladi. U 1800 yili qurilgan. Bu qarorgohning Oq uy deb nomlanishi zamirida ham aynan Sharq xalqlari tarixidagi qadim an’analarga suyanilganiga hech qanday shubha yo‘q. Binobarin, uyg‘ur tiliga ana shu Oq uy ham Oqsaroy deb tarjima qilinadi.

Ostonadagi Oqo‘rda

Qozog‘iston Respublikasi poytaxti Ostonada Oqo‘rda barpo etilgan. U Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining qarorgohi hisoblanadi. Bu nom ham qozoq davlatchiligi uchun tarixiy ildizga ega. Oltin O‘rdaning Chingiziylar avlodidan bo‘lgan Botuxon va uning avlodlari tomonidan boshqarilgan bir qismi Oqo‘rda deb yuritilgan. 
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shu yilning 22 – 23 mart kunlari davlat tashrifi bilan Qozog‘iston Respublikasining poytaxti Ostona shahrida bo‘ldi. 23 mart kuni Qozog‘iston Respublikasi Prezidentining Oqo‘rda qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi o‘tkazildi.

Tig‘iz bog‘liqliklar

“Oqsaroy”, “Oqo‘rda”, “Oq uy”, “Oqqo‘rg‘on”, “Oqtepa” degan joy nomlari o‘rtasida o‘zaro tig‘iz bog‘liqliklar bor. 
Masalan, turkiy “o‘rda” so‘zining ma’nosi forsiy “saroy” so‘zi ma’nosiga aynan mos keladi. Shuning uchun “Oqsaroy” bilan “Oqo‘rda” bir xil ma’noni ifodalaydi. Ayrim mamlakatlarda davlat boshlig‘i qarorgohi, ba’zilarida esa hukmdor o‘tiradigan xos xonasigina “Oq uy” deb atalishini ko‘rib o‘tdik. Qozog‘iston Respublikasining bir viloyati Oqto‘ba deb yuritiladi. Mamlakatimizda ham Oqtepa degan joy nomi juda ko‘p uchraydi. Birgina Toshkent shahrining o‘zida Chilonzor, Ko‘kcha, Yunusobod Oqtepalari bor. Mantiqan shu tepaliklarda bir paytlar qabila boshlig‘i, bek, amir yoki xon... o‘tirgan va o‘sha yerdan turib muayyan hududni boshqargan bo‘lishi kerak. Nega bo‘lmasa aynan Oqtepa deyilgan? Bu yerdagi “oq” so‘zi aynan ana shu saroy, boshqaruv ma’nosini anglatib kelgan bo‘lsa, ajab emas. Bizningcha, “Oqqo‘rg‘on” va “Oqtepa” joy nomlari ham mantiqan o‘sha qo‘rg‘on yoki tepaning rangidan kelib chiqib qo‘yilgan emas. 

Taxminimiz va Navoiy isboti

Xo‘sh, “oq uy” qo‘shma so‘zi nima ma’noni anglatadi?
Filologiya fanlari nomzodi Berdaq Yusupovning fikricha, Navoiy “Muhokamat ul-lug‘atayn”dagi: “Bir mutaayyin nimakim, “oq uy”dur, anga “xirgoh” ot qo‘yupturlar. Ammo aning ajzosining ko‘pini turk tili bila ayturlar. Andoqki, “tungluk” va “uzuk” va “to‘rlug‘” va “bosrug‘” va “chig‘” va “qanot” va “ko‘zanak” va “uvug‘” va “bog‘ish” va “bo‘sag‘a” va “erkina” va alo hoz al-qiyos”, – degan parchada “oq uy” so‘zini “o‘tov” ma’nosida qo‘llagan. Qizig‘i, Buxoro tomonlarda “o‘tov”ni “qora uy” deyishadi. Shoir Shodmonqul Salom “o‘tov” so‘zi o‘rniga “qora uy” ham ishlatilishini yozishiga qaraganda, Surxondaryo tomonlarda ham – shunday. Chunki aksar o‘tovlar qora jundan to‘qilgan kigiz, ya’ni namatdan tiklanadi. O‘zi qora qo‘y ko‘p bo‘ladi, oq qo‘y – kam. Shuning uchun oq jun noyobroq hisoblanadi. Shundan xulosa qilish mumkinki, “oq uy” ham, “qora uy” ham ko‘chmanchi urug‘lar yashash makoni bo‘lgan namat, ya’ni kigizdan quriladigan o‘tovni bildiradi. 
Biroq bir taxminiy fikrimiz bor. Qabila boshliqlari, urug‘ rahbarlari, hokimlar yashaydigan uylar oq kigizdan, boshqalar istiqomat qiladigan uylar qora kigizdan ko‘tarilgan bo‘lishi kerak. Bu ajralib turish uchun qilingan. Chunki atrof qaysi uyda boshliq yashayotganini uzoqdan ham bilib turgan bo‘lishi kerak. Bu o‘tov tanlangan maydondagi boshqa o‘tovlarning markazidan – eng o‘rtadan joy olgan. Hatto, oq o‘tovni o‘rnatish uchun ataylabdan qumlik joy tanlangan ham bo‘lsa, ajab emas. Chunki xoh otliq, xoh piyodalar yig‘ilib, hukmni eshitishi uchun shunday qumlik – juda qulay. Yog‘ingarchilik kunlari balchiq bo‘lib ketmaydi. Fors-tojik tilida “qum”ni “reg” deyishadi. Qumloq yerni esa – “registon”. Poytaxt shaharlardagi “Registon” degan joylarning bo‘lishi ham – shundan. Bizningcha, aynan shu yerda hukmdor ochiq yig‘inlar o‘tkazgan. Buxoro shahrida aynan amirning arki kirish darvozasi oldidagi keng maydon “Registon” deb atalgan. Shahrisabzda Amir Temur davrida asosiy maydon – Registon ham bo‘lgan.
Ammo bular – taxmin, xolos. Isbot uchun hujjat kerak. Tarixiy manbalargina hujjatga o‘tadi. Ana shunday ishonchli dalil topilmagani uchun ham ushbu maqola ko‘p yildan beri qog‘ozga tushmay kelayotgan edi. Bemorga bitta tahlil tashxis bo‘lmagani kabi, bir asarni ham bir o‘qiganda undagi barcha sirlardan voqif bo‘lish ilojsiz. Kutilmaganda buyuk Alisher Navoiyning “Navodir ush-shabob” devonidagi 223-g‘azalidagi “oq uy” ifodasiga duch kelindi:
Tojvarlar oq uyida sokin o‘lsa ahli ishq,
Uyladurkim, bulbulu hudhudg‘a bo‘lg‘ay bir qafas.
“Tojvar” so‘zi “podshoh” ma’nosini anglatadi. Podshohlar oq uyida ishq ahli sokin bo‘lsa, bu xuddi bulbul bilan popishakni bir qafasga qamaganga o‘xshaydi, deydi shoir. Bundan oq uy – podshohlar istiqomat qiladigan maskan ekani butunlay isbot topdi. 
Anchadan buyon xayolimda ana shunday isbotlanmagan bir fikr aylanib yurgandi, buni oshkor qilishga ko‘ngilning tub-tubida bir istihola bor edi. Shunday kunlarning birida Alisher Navoiyning “Sab’ayi sayyor” dostoni qayta o‘qildi. Asar asosiy voqeasidan xabari bor kishi yaxshi biladiki, ovdagi mahoratini maqtamagani, ya’ni bunga mashq bilan erishish mumkinligini aytgani uchun kayf holatda bo‘lgan Bahrom suyukli rafiqasi, ya’ni Diloromni qattiq jazolaydi. Avval uni o‘ldirmoqchi bo‘ladi. Ammo ba’zi a’yonlari ayol kishini qatl etish yaxshi emasligini aytishadi. Keyin uni suvsiz bir biyobonga olib borib, o‘zini sochiga bog‘lab, tashlab kelishadi. Ertalab shoh hushiga kelib, yorini so‘raydi. Ahvolni bilgach, o‘sha dashtu biyobonga rafiqasini izlash uchun bormoqchi bo‘ladi. Lekin toju taxt nomusi ham, el-ulus xijolati ham bunga yo‘l qo‘ymas edi. Uchinchi kuni beixtiyor turib, ovga chiqqani dasht sari yo‘l soladi. Ayolini izlashga tushadi. Topolmaydi. A’yonlari ham birga borgan edi. Ohu vovaylo chekadi. Dunyoni unutib, o‘sha cho‘lda afg‘on chekib, qolib ketadi. Xalq ham podshoh ketidan cho‘lga ko‘chadi. A’yonlari noilojlikdan o‘sha yerda unga oq uy tiklab berishadi:
Garchi tun bo‘ldi xalq aro parda,
Tiktilar oq uyu saro parda. 
Shu tariqa shoh joylashgan oq uy atrofidan el-ulusni yiroqlashtirishadi:
Surdilar tegradin ulusni yiroq,
Xosiyat buyla berdi shomi firoq.
Shu birgina parcha ushbu satrlar muallifining uzoq yillardan beri kelgan taxminiy xulosasini isbotladi. Podsholarning o‘tovi ajralib turishi uchun ko‘chmanchi ellar oq kigizdan o‘tov tiklagani rost bo‘lib chiqdi.

Xulosa

Har holda, bugungi kunda davlat rahbari qarorgohini Oq uy deb atash bilan bog‘liq tarixning poydevorini aynan o‘zbek davlatchiligidan izlash kerakligi kundek ayon bo‘lgan ko‘rinadi.
Bu – tabiiy. Axir, bashariyat tarixida buyuk Sohibqiron bobomiz barpo etgan temuriylar davlatidan buyukroq davlat bo‘lganmi o‘zi?! Oqsaroy tarixi bilan bog‘liq bu tahlillar shuni ko‘rsatadiki, agar o‘zbek milliy davlatchiligi soqit qilinsa, umumbashariyat davlatchiligi toqi qulab tushsa, ajab emas. 
Buyuk davlat va siyosat arbobi, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov o‘z qarorgohiga nom tanlashda aynan shundan kelib chiqib ish tutgan.
Mustaqillik bizga shu so‘zlarni butun dunyoga baralla aytish imkonini berdi.

Sultonmurod OLIM,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi,
O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi

Manba: "Ma’rifat" gazetasi