ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

"My First President" deb nomlangan ingliz tilidagi insholar to‘plamining taqdimoti munosabati bilan tadbir o‘tkazildi


09.10.2017

O`zbekiston davlat jahon tillari universitetida mamlakatimiz Birinchi Prezidenti xotirasini yod etish hamda "My First President" - "Mening Birinchi Prezidentim" deb nomlangan ingliz tilidagi insholar to`plamining taqdimoti munosabati bilan tadbir o`tkazildi.
Universitet rektori G`.Rahimov, Birinchi Prezidentimizning turmush o`rtog`i Tatyana Karimova va boshqalar Islom Karimov bilan bog`liq xotiralarini yodga oldi. Mustaqilligimiz me`mori Birinchi Prezidentimizning fidoyilik, vatanparvarlik, adolatparvarlik, samimiylik, mehribonlik kabi olijanob fazilatlari barchamiz, ayniqsa, yoshlar uchun yorqin ibrat namunasi ekani ta`kidlandi.

Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma`rifiy memorial majmua, Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoat fondi, O`zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va boshqa hamkor tashkilotlar tashabbusi bilan tashkil etilgan "My First President" ingliz tilidagi insholar tanlovida mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalari talabalari, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari o‘quvchilari ishtirok etdi. Tanlov komissiyasi tomonidan 500 dan ziyod insho ko‘rib chiqilib, ularning 36 tasi to‘plamga kiritildi. 

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazma tashkil etildi, “Birinchi Prezident va yoshlar” deb nomlangan videorolik namoyish etildi. 

Tanlov g‘oliblariga diplom va sovg‘alar topshirildi. 

 

Manba: UzA