ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Buyuk va bebaho meros


11.12.2017

Ba’zan oddiy bir qo‘shiq ham inson qalbiga ilhom baxsh etishi, ko‘ngillarda bir olam tuyg‘ularni jo‘sh urdirishi mumkin ekan. Havo mavjlarida hayot falsafasidan iborat “Nima qoldi?” degan qo‘shiq yangramoqda. Hofizning har band oxiridagi “Nima qoldi?” savoli tinglovchiga bu dunyoning o‘tkinchiligi, lekin unda faqat ezgu amallar unutilmasligini uqtirayotganday.

Bu savolni mushohada qilgan inson, eng avvalo, o‘z hayotiga baho bersa kerak. Umrning ancha manzilini bosib qo‘ydik, buyog‘i qancha qolganini hech kim bilmaydi. Xo‘sh, ertaga bizdan nima qoladi? Shunday so‘roq bo‘lganda yuzimiz yorug‘mi? O‘zga mamlakatdan kelgan mehmon birdan so‘rab qoldi: “Ayting-chi, Islom Karimovdan nima qoldi?”

Ajabo, yurtimizdagi haqiqiy hayotdan bexabar odam shunday savol berishi mumkindir. Lekin O‘zbekiston zaminida yashagan, shu tuproq noz-ne’matidan bahramand har bir inson Birinchi Prezidentimizdan nima qolganligini yaxshi bilishi kerak.

Eh-he... Mustaqil O‘zbekistonning rahbari o‘zidan nimalar qoldirganini sanab sanog‘iga yetib bo‘larmikan?! Biz hayotimizning qaysi sohasi haqida gap yuritmaylik, ko‘p hollarda beixtiyor “Islom Karimov aytganlaridek” degan iborani so‘zimiz bismillosida tilga olamiz. Birinchi Prezidentimizdan, ta’bir joiz bo‘lsa, ozod va obod Vatan qoldi. Shu ozod va obod Vatanimizning har bir burchagi, har bir qarichi ul zot uchun qanchalik qadrli edi. Shularni o‘ylar ekanmiz, ko‘nglida o‘z zaminiga mehri bor inson shu Vatanni yanada obod qilish ishiga hissa qo‘shgisi keladi.

“Mustaqillik — muqaddas ne’mat”. Bu kalom isbot talab qilmaydigan haqiqat. “Tarixiy xotirasiz — kelajak yo‘q”. Ushbu hikmatni hayotimizning har qadamida yodimizga olamiz. “Egali yurt erkini bermas”. Asriy orzularimiz ushalgandan keyin to‘qqiz yil o‘tgach ushbu so‘zlar yangradi.

“Barqarorlik va bunyodkorlik — taraqqiyotning qo‘sh qanoti”. Bu so‘zlarni gazetalarimiz birinchi sahifalarida yirik harflarda bergani kechagidek yodimda. “Adolat — qonun ustuvorligida”. Bu kalom huquqni muhofaza qiluvchi idoralarning doimiy shioriga aylandi. “Rahbar, yetakchi o‘zi yonib, o‘zgalarni ham yondirib yashashi kerak”. Bu da’vat hamon kun tartibidan olingan emas. “Adabiyotga e’tibor — ma’naviyatga, kelajakka e’tibor”. Ijod ahlining dil-dilidan joy olgan bu so‘zlar Vatan ishqida yonuvchi ijodkorlarga ilhom baxsh etmoqda. Bunday da’vatlar xalqimiz ongidan mustahkam joy egallab, hayotimiz, kundalik faoliyatimizga singib ketganligi barchamizga ayon.

Agar Islom Abdug‘aniyevichdan eng katta orzuingiz, hayotdan maqsadingiz nima deb so‘rash imkoni bo‘lganda quyidagi javobni olish mumkin edi: “Vatan ozodligi, xalqimning omonligi, yurtimning ravnaqi, har bir oila farovonligi — men uchun oliy saodat”. Bu tilak, bu istak O‘zbekistonda million-million insonlar qalbiga nur ato etdi, xalqimizni yagona maqsad sari birlashtirdi.

Sharofatli odamning qadamida gul ochiladi, deyishadi. Islom Karimov 1993 yil 16 sentabrda ilk bor islom olamining yirik vakili Bahouddin Naqshband tavalludining 675 yilligi tantanalariga tashrif buyurganda shu muborak manzilning baxti ochildi. Mustaqillik yillarida Prezident tashabbusi va rahnamoligida ilgari qarovsiz yotgan joyda asrlarga tatigulik bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Necha asr muqaddam ko‘milib ketgan obidalar qayta ko‘z ochdi. Bu yerga qadam qo‘ygan mehmonlar ziyoratni, eng avvalo, buyuk allomaning onasi mangu qo‘nim topgan qabrdan boshlaydigan bo‘lishdi. Birgina shu an’ananing qayta tirilishi millatimizda onaga ehtirom ramzini ifodalaydi.

Islom Karimovning “Savob ishni har kim qilishi kerak, savob ishni har kun qilish kerak” degan qanotli iborasi ilk bor qachon aytilganini eslaysizmi? 1998 yil oktabrida Imom al-Buxoriy yodgorlik majmuining ochilishiga bag‘ishlangan marosimda so‘zlagan nutqda yangragandi bu kalom. Savobli ishlarni qilgan odamga, uning elu yurtiga, albatta, Allohning rahmatlari yog‘iladi. Biz ezgu ishlarni qancha ko‘p qilsak, ulug‘ ajdodlarimizning izzat-ikromini joyiga qo‘ysak, ularning tabarruk nomlarini butun dunyoga tarannum etsak, Yaratganimizning o‘zi bizni balo-qazolardan asraydi, bizga kuch-qudrat ato etadi, yo‘limizni ochib beradi.

Farg‘onada kishilik tarixidagi ilk Uyg‘onish davrining zabardast siymosi Ahmad al-Farg‘oniyning muhtasham haykali, Quva shahrida Misrdan keltirilgan bir siqim hoki ustida ramziy qabrlari bunyod etildi. Esimda, ulug‘ ajdodimiz tavalludining 1200 yilligi nishonlanishidan bir necha oy oldin Quvada Prezidentimiz yangi obida qurilishi va bu yerda amalga oshirilayotgan arxeologik qazishmalarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun tashrif buyurganiga guvoh bo‘lgandim. O‘shanda Samarqanddagi Arxeologiya ilmiy-tadqiqot instituti direktori T.Shirinov yubiley oldida amalga oshirilayotgan ishlar haqida gapirib berganida Prezidentimiz boy o‘tmishiga ega tariximiz xususida hammaning g‘ururini uyg‘otuvchi so‘zlarni aytgandi. Keyinchalik haykalning ochilish marosimidagi nutqida bayon etgan quyidagi otashin so‘zlar barchaning qalbidan joy olgan edi: “Bu zot qayerda yashagan bo‘lmasin, xoh Bag‘dodda, xoh Damashqda, xoh Qohirada o‘z ilmiy kashfiyotlari bilan shuhrat topgan bo‘lmasin, ishonamanki, u hamisha tug‘ilgan yurtini sog‘inib yashagan. Ona Vatanining muhabbati va sog‘inchini bir umr qalbida saqlab yurgan. Bu tuyg‘u nafaqat ulug‘ insonlarga, balki iymonli, diyonatli har bir odamga xos xususiyatdir”.

Xorazmda ona yurt himoyachisi, jasur sarkarda va davlat arbobi Jaloliddin Manguberdining haykali milliy qahramon tavalludining 800 yillik yubileyiga bag‘ishlab bunyod etildi. Sho‘ro davrida bizda bu jasur inson haqida g‘ira-shira tasavvur bor edi. 1999 yilning 5 noyabrida Jaloliddin Manguberdi haykalining ochilishi munosabati bilan tashkil etilgan tantanali marosimda Islom Karimov nutq so‘zladi. Islom Abdug‘aniyevich o‘sha tarixiy nutqida ta’kidlab o‘tganidek, Sulton Jaloliddin siymosi nafaqat Xorazm, balki butun O‘zbekistonning faxri-g‘ururidir. U bizning ozodligimizga, istiqlolimizga tajovuz qilmoqchi bo‘lgan har qanday yovuz kuchga qarshi tik turib kurashishga, mardona zarba berishga qodirligimizning tasdig‘i va timsolidir.

Qahramonlik epopeyasini ulug‘lash janubiy hududda — Termiz shahrida davom etdi. Bu zaminda “Alpomish” dostonining 1000 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi. Yoshi ulug‘ yurtdoshlarimiz yaxshi bilishadi, sho‘ro davrida “Alpomish” dostoni qatag‘onga uchragandi.

Aslida “Alpomish” dostoni bizga insonparvarlik fazilatlaridan saboq beradi. Odil va haqgo‘y bo‘lishga, o‘z yurtimizni, oilamiz qo‘rg‘onini qo‘riqlashga, do‘stu yorimizni, or-nomusimizni, ota-bobolarimizning muqaddas mozorlarini har qanday tajovuzdan himoya qilishga o‘rgatadi. Bu doston butun o‘zbek xalqining ma’naviy mulkidir. Lekin nima uchun biz uning to‘yini aynan Termiz shahrida, Surxon vohasida o‘tkazdik? Negaki, Surxon vohasi, avvalo, “Alpomish” dostoni tug‘ilgan maskan. Alpomish bepoyon yaylovlarda, baland tog‘ daralarini gumburlatib ot chopgan, shu yurtning zilol buloqlaridan suv ichgan, shu mag‘rur elga munosib pahlavon bo‘lib yetishgan.

Bu tuproq azaldan ilmu hunar, hikmat va san’at ruhi bilan yo‘g‘rilgan. Imom at-Termiziy, avliyo Hakim ota kabi ulug‘ zotlarning o‘lmas ruhi, hayotbaxsh o‘gitlari barkamol avlodlarni voyaga yetkazdi. “Alpomish”dek buyuk ma’naviy obidalar, Alpomishdek mard pahlavonlar aynan mana shunday muhitda dunyoga keladi.

Islom Karimov o‘tgan ota-bobolarimizni eslash, ularning ruhi poklarini shod etish xalqimizga xos ezgu fazilat, xayrli va savobli ish ekanligini amalda namoyon etdi. Yurt yetakchisining bu ibrati nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda e’tirof etildi. Bashariyat ma’naviy taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk faqih Burhoniddin Marg‘inoniy tavalludining 910 yilligi tantanasi shunday ezgu tadbirlardan biri bo‘ldi. Bu zahmatkash allomaning bizga qoldirgan ulkan merosi, erishgan shon-shuhrati zamirida, avvalo, uning ibratli hayoti, pok e’tiqodi, olijanob insoniy fazilatlari mujassam. Uning ulug‘ e’tiqodi, ilmu urfon yo‘lidagi fidoyiligi, kamtarlik va xokisorlik fazilatlari unga nisbatan barchamizda buyuk hurmat va ehtirom uyg‘otadi.

Taqdirni qarangki, Burhoniddin Marg‘inoniy hoki Samarqandda, Chokardiza qabristonida mangu orom topgan. Shu muqaddas makonda yana bir alloma — Imom Moturidiy ham qo‘nim topgan. Bu allomaning 1130 yilligi Marg‘ilondagi tadbirdan bir kun keyin o‘tkazildi.

Buyuk bobomizning butun islom olami, o‘z xalqi, o‘z Vatani oldidagi yana bir ulkan xizmati shundan iboratki, ulug‘ vatandoshimiz e’tiqod ilmi — muqaddas dinimizni qanday tushunish va unga qanday amal qilish ta’limotini yanada rivojlantirdi. Islom dinining insonparvarlik mohiyatini xalqning milliy urf-odatlari, asriy an’analari bilan uyg‘unlashtirdi. Aziz zotlarning nomlarini ulug‘lab, maqbaralari va qadamjolarini tiklab, asrab-avaylab obod etar ekanmiz, Samarqand nafaqat sayyohlar makoniga, balki butun dunyodan ziyoratchilar nntilib keladigan qutlug‘ bir maskanga aylanib borayotganiga guvoh bo‘layapmiz.

Obod yurtga bayramlar yarashadi. Biz yurtimizda Buxoro, Xiva, Termiz, Shahrisabz, Qarshi, Marg‘ilon, Samarqand, Toshkent shaharlarining muborak sanalarini, “Avesto” kitobi, Ma’mun akademiyasi kabi ma’naviy xazinalarimiz to‘ylarini o‘tkazdik. Bu shodiyonalardan hosil bo‘lgan g‘urur va iftixor hislarini hech qaysi raqamlarda baholab bo‘lmaydi. Birgina “Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivalining o‘zi O‘zbekiston nomini butun Yer yuziga mashhur qildi. Biz sanagan tadbirlar, ularning samaralari Birinchi Prezidentimizdan nimalar qolgani haqidagi savolga qisman javob bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.

Shuhrat JABBOROV,
O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist