ISLOM KARIMOV ILMIY-MA’RIFIY MAJMUASI

Birinchi Prezidentimiz “Farg‘ona tong otguncha” qo‘shig‘ini shu yerda eshitish orzusida edi


24.01.2018

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 27-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimov tavalludining 80 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida Farg‘ona viloyatida ham turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda. 

Farg‘onaliklar uchun eng qadrli joy qayer ekanini bilasizmi? Bugun Farg‘onaga kelgan mehmon bo‘ladimi yoki xorijlik sayyoh, albatta, bu maskanga tashrif buyuradi. Bu Islom Karimov nomidagi Teatr-konsert saroyi. Birinchi Prezidentimiz tashabbusi bilan barpo etilgan mazkur san’at saroyi Farg‘ona ahli uchun aziz tuhfalardan biri sifatida yanada qadrli. 

Sharq va G‘arb me’morchiligi an’analarini uyg‘unlashtirgan ushbu ulug‘vor koshona uzoqdan ko‘lda suzib yurgan oqqushni eslatadi. Uning milliy uslubda bezatilgan eshik va ustunlari, sahna tegrasidagi rango-rang yoritgichlar, tomosha zali uzra osmon gumbazining bir parchasi tasvirlangan manzara, boshqa yana bir qancha qulayliklar bu saroy yaxlit bir muhtasham san’at asari ekanini namoyon etadi. Saroy joylashgan maydonda to‘rtta favvora, sug‘orish va tashqi yoritish tizimlari, noyob daraxtlar va anvoyi gullar hamisha atrofga chiroy baxsh etib turadi. 

– Ushbu muhtasham Teatr-konsert saroyi o‘rnida ilgari qo‘lansa hid burqsib yotgan ko‘rimsiz yog‘-moy zavodi bo‘lganini hozir farzandlarimizga, mehmonlarga aytsak, ishonishmaydi, – deydi mehnat faxriysi Doniyor Ergashev. – 40 gektarlik hududni egallagan eski korxona boshqa joyga ko‘chirilib, binolari buzilib, tuprog‘igacha yangilandi. Betakror me’moriy yechimga ega koshona barpo etilib, atrofi ko‘kalamzorlashtirildi. Bugun bu yerdagi ajib manzara, o‘ziga xos obodlik va betakror go‘zallikni ko‘rib, insonning qo‘li gul, bugunimiz farovon, ertamiz yanada porloq ekaniga ishonch hosil qilasiz. Bularning barchasi Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov nomi bilan bog‘liq. 

Darhaqiqat, Islom Karimov bunyodkorlik sohasida amalga oshirgan va bugun uning safdoshlari, shogirdlari tomonidan davom ettirilayotgan ulkan qurilish-obodonlashtirish ishlari O‘zbekistonning butun jahon e’tiborini tortayotgan o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”ga aylangan. Farg‘onadagi ulkan bunyodkorlik ishlarining bosh me’mori – Islom Karimovdir. 2011 yilda boshlangan Farg‘ona shahrining bosh rejasini amalga oshirish ishlari shahar qiyofasini butunlay o‘zgartirib, odamlar dunyoqarashini kengaytirdi. Bugun farg‘onaliklar Birinchi Prezidentimizning ezgu ishlarini faxr bilan tilga oladi. 

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev qaroriga muvofiq, mazkur san’at maskaniga mamlakatimizning Birinchi Prezidenti Islom Karimov nomi berilgani tarixiy voqea bo‘ldi. Bu farg‘onaliklarga cheksiz quvonch, faxr-iftixor bag‘ishladi. Bugun kim bilan suhbatlashmang, Islom Karimovning mustaqilligimiz, xalqimizning erkin va farovon yashashi yo‘lida ulkan matonat va ma’naviy jasorat ko‘rsatgani haqida to‘lqinlanib so‘zlaydi. Qaysi kasb egasi bo‘lmasin, u xoh o‘qituvchi, xoh tadbirkor yo fermer, xoh oddiy nuroniy, barcha bilan samimiy muloqotda bo‘lardi, ko‘ngliga yo‘l topa olardi, deb eslaydi. 

14.jpg
 
– Birinchi Prezidentimizning olijanob fazilatlari barchamiz uchun ibrat maktabi bo‘lib qoldi, – deydi O‘zbekiston Qahramoni Botirjon Temirov. – Ayniqsa, Farg‘ona shahridagi mislsiz bunyodkorlik ishlari bevosita u kishining tashabbusi bilan amalga oshirildi. Shahrimizdagi san’at saroyi ana shulardan biri. U kishi bu maskanning qurilishiga bosh-qosh bo‘ldi. Birinchi Prezidentimiz viloyat faollari bilan uchrashuvida “mazkur san’at saroyi bitsa, sizlar bilan o‘tirib, “Farg‘ona tong otguncha”ni bir eshitaman”, deb niyat qilgan edilar. Bu saroy barchamiz uchun aziz maskan sifatida u kishini doimo eslatib turadi. 

Farg‘ona azaldan madaniyat va san’at o‘chog‘i sifatida nom qozongan. Mazkur san’at maskani ham bu an’analarni yangicha mazmunda davom ettirishga xizmat qilmoqda. Bugun Farg‘onada o‘tkaziladigan ko‘plab tadbirlar ana shu maskanda tashkil etilmoqda. Teatr jamoalarining spektakllari, san’atkorlarning bayram dasturlari namoyish qilinmoqda. Bu san’at maskaniga kelgan kishi o‘ziga katta ma’naviy ruh, madad olib qaytadi. 

– Mamlakatimizda madaniyat va san’atni yanada rivojlantirish, ijodkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi O‘zbekiston xalq artisti Muhammadsoli Yusupov. – Mustaqilligimiz me’mori Islom Karimov tomonidan bu borada boshlab berilgan ezgu tashabbuslar bugun davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida izchil davom ettirilmoqda. O‘zbekiston davlat madaniyat va san’at institutining Farg‘ona filiali tashkil etilgani, Qo‘qon shahrida “Ijodkorlar uyi” foydalanishga topshirilgani, e-he, bularni sanab adog‘iga yetish qiyin. Viloyat o‘zbek davlat musiqali drama teatri jamoasi ham mazkur san’at saroyida tomoshabinlar uchun yangi sahna asarlarini namoyish etib kelmoqda. 
 
 
Ma’sudjon Sulaymonov, O‘zA