THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomov, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi


– Davlatni davlat, millatni millat sifatida dunyoga tanitadigan qomusnoma – bu Konstitutsiyadir. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning bu e’tirofi bugun Asosiy qonunimizga berilgan oddiy ta’rif emas, balki O‘zbekistonning kelajagi, jahon miqyosida tutgan o‘rni mustahkamlanib borishiga oid bashorati kabi jaranglaydi. 

Darhaqiqat, davlat o‘z huquqiy hujjati – Konstitutsiyasi bilan dunyo sahniga qadam qo‘yadi. Shu jihatdan har tomonlama mukammal va xalqaro standartlar talablariga to‘liq javob beradigan Asosiy qonunimizning yaratilishi xalqimiz hayotida ulkan tarixiy voqea bo‘lishi bilan birga, ulug‘ maqsadlar sari sobit qadam tashlashida mustahkam huquqiy zamin bo‘ldi. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev alohida qayd etganidek, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy tafakkurining noyob namunasidir. 

Shu o‘rinda Konstitutsiyamizning yaratilishi tarixiga bir nazar tashlasak. 90-yillar xalqimiz uchun qanday og‘ir sinovlar davri bo‘lgani bugun sir emas. Lekin shunday murakkab bir davrda xalqimizning asriy orzusi bo‘lgan mustaqillik sari, uning huquqiy asoslarini yaratish va mustahkamlash yo‘lida dadil qadamlar qo‘yilgan. 

1990-yil 20-iyun kuni Mustaqillik deklaratsiyasini qabul qilish jarayonida O‘zbekistonning yangi Konstitutsiyasini yaratish taklifi ilgari surildi. Shu maqsadda Konstitutsiya komissiyasini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov raisligida davlat arboblari, deputatlar, mutaxassislarni o‘zida jamlagan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi. 

Adliya vazirligi bu borada ishchi organ etib belgilandi. O‘sha vaqtda mazkur tashkilot rahbaridan biri sifatida Konstitutsiyaning dunyoga kelishi bilan bog‘liq ko‘pchilik jarayonlarda vazirlik xodimlari bilan birga ishtirok etganmiz. 

Konstitutsiya – qonunlarga asos bo‘luvchi, davlatning huquqiy maqomini belgilovchi muhim hujjatligi bois uni yaratish oson kechmagan. Boz ustiga o‘sha davrda bizda qonunchilik bilan shug‘ullanuvchi institutlar bo‘lmagan, alohida tajriba hali shakllanmagan edi. 

Shu boisdan har tomonlama yetuk, akademik bilimlarni egallagan olimlar, amaliyotchilar tajribasi asqotgan, desak xato bo‘lmaydi. O‘sha vaqtda ko‘zga ko‘ringan, yirik huquqshunos olimlar Shavkat O‘razayev, Anvar A’zamxo‘jayev, Hojiakbar Rahmonqulov va boshqalar butun tajribasi, salohiyatini ishga solgan holda ilk loyihani tayorlashda jonbozlik ko‘rsatgan. 

Jahon tajribasini, demokratiya va eng rivojlangan mamlakatlar konstitutsiyaviy qonunchiligi erishgan yutuqlarni sinchiklab o‘rganish bilan bir qatorda milliy davlatchiligimizning ko‘p asrlik tarixi, xalqimizning o‘ziga xosligiga alohida e’tibor qaratilgan holda komissiya tomonidan ikki yildan ortiq vaqt mobaynida Konstitutsiya loyihasi tayyorlandi. 

Mazkur loyiha hamda rivojlangan davlatlar konstitutsiyalari normalari yonma-yon o‘rin olgan katta tarx Birinchi Prezidentimiz huzurida taqdim qilinar edi. Sinchiklab o‘rganish va boshqa davlatlar tajribasiga nazar solgan holda, u kishi har safar o‘z qo‘li bilan loyihaga o‘zgartirishlar kiritardi, fikrlarini bildirardi. Shu yaxlit loyiha qayta-qayta ishlandi. Nihoyat, Konstitutsiya loyihasi 1992-yil 8-sentabrda umumxalq muhokamasi uchun matbuotda e’lon qilindi. 

Muhokama jarayonida xalqimiz faol ishtirok etdi. Adliya vazirligi olimlar, deputatlar va mutaxassislar ishtirokida loyihada aks etgan tamoyillar mazmun-mohiyatini ommaviy axborot vositalari orqali aholiga tushuntirib bordi. 

Konstitutsiya loyihasi muhokama jarayonida bildirilgan takliflar asosida yanada takomillashtirildi. Muhimi, bu uning keng jamoatchilik ekspertizasidan o‘tishini ta’minladi. 

1992-yil 8-dekabr kuni Bosh qomusimiz qabul qilindi. Shu kundan e’tiboran, 8 dekabr – umumxalq bayrami, deb e’lon qilindi. 

Konstitutsiyaning qabul qilinishi ijtimoiy va davlat qurilishining barcha jabhalaridagi munosabatlarni, milliy qonunchiligimizning barcha sohalarini tartibga soluvchi aniq huquqiy tizimni tashkil etdi. 

Konstitutsiya yaratilishi va qabul qilingunigacha bo‘lgan barcha jarayonlarda Birinchi Prezidentimizning doimiy e’tibori, fikr-mulohazalari, talabchanligi alohida o‘rin tutdi. Shuning uchun ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev alohida qayd etganidek, Islom Karimovni haqli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining muallifi, deb e’tirof etish uchun barcha asoslarga egamiz.