THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Abdulla Hoja, Turkiston-Amerika assotsiatsiyasi prezidenti


Bu yil mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning qaroriga binoan respublikasining birinchi Prezidenti, buyuk davlat va siyosat arbobi Islom Karimov tavalludining 80 yilligi keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan “Jahon” axborot agentligi nomiga xorijdan xalqimizning yetuk o‘g‘loni haqida fikr-mulohazalar bitilgan xatlar kelishi boshlandi.

- Men O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov bilan AQShda bir necha marta ko‘rishish va u kishining suhbatini olish sharafiga muyassar bo‘lganimdan bag‘oyat hursandman, - deydi AQShda joylashgan Turkiston-Amerika assotsiatsiyasi prezidenti Abdulla Hoja. - Xususan, diyorimiz rahbari Birlashgan Millatlar Tashkilotining sessiyasida ishtirok etayotgan chog‘ida BMT binosi oldida bir qancha vatandoshlar u kishi bilan ko‘rishish va suhbatlashishni intizorlik bilan kutib turishar edi. Rasmiy tadbir yakunidan so‘ng Islom Karimov o‘z mashinasini ko‘chada ataylab to‘xtatdi, undan tushib, o‘zbekistonliklarni qutladi va ular bilan samimiy suhbat qurdi. Bu esa biz uchun juda katta tarixiy voqea bo‘ldi.

Birinchi Prezidentimizning savobli amallari juda ham ko‘pdir. Ular orasida eng ulug‘i – O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qilish, uni mustahkamlash bo‘ldi.

Qolaversa, milliy istiqlolning ilk yillaridagi qiyinchiliklarga qaramay, mamlakatning barqaror rivojlanishi ta’minlandi, turli xil ekstremistik-aqidaparast yo‘llarga qo‘shilishining oldi olindi. Vaholanki, yurtimiz ham ba’zi davlatlar singari notinch makonga aylanishi mumkin edi. Shu o‘rinda, birinchi Prezidentning O‘zbekiston xalqiga haqiqiy islom dinini tanitish va diniy olimu ulamolarni tarbiyalashga qo‘shgan hissasi beqiyosdir.

Shu bilan birga, Islom Karimovning respublikadagi tarixiy obida, masjid va madrasalarni qayta tiklash va ularni ta’mirlashdagi o‘rni cheksizdir. U kishining sharofati bilan diyorimizda diniy ilmiy markazlar barpo etildi, Toshkent islom universiteti tashkil etildi, yetuk mutaxassislar yetishib chiqdi.

O‘ylaymanki, Islom Karimovning O‘zbekiston uchun amalga oshirgan ushbu ezgu ishlarini kelgusida tarix munosib baholaydi.

Yuqorida aytilgan va boshqa oqilona amallar O‘zbekistonning dunyodagi eng tinch va farovon mamlakatlardan biri bo‘lishiga olib keldi.

Islom Karimovning xalqimiz uchun foydali qarorlaridan yana biri – mamlakat bosh vaziri lavozimiga Shavkat Mirziyoyevni munosib topgani bo‘ldi. Bu kishi ham 2016 yilda O‘zbekiston Prezidenti etib saylanganidan so‘ng qisqa vaqt ichida juda katta ishlarni amalga oshirdi. Xususan, kuni kecha davlat rahbarining Oliy Majlis palatalariga Murojaatnomasini biz ham katta qiziqish va chuqur mamnuniyat bilan tingladik. O‘z chiqishida Prezident mamlakatdagi mavjud kamchiliklarni ochiqdan-ochiq aytdi va barchani ularni bir yoqadan bosh chiqarib bartaraf etishga, yurtimizni yanada rivojlantirishga hissa qo‘shishga da’vat qildi. Bu borada Shavkat Mirziyoyevni qutlaymiz va o‘z oldiga qo‘ygan maqsad va rejalarni amalga oshirishda omad yor bo‘lishini tilab qolamiz.

“Jahon”AA