THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasida uchrashuv


09.03.2018

O‘zbekiston Respublikasi Birinchi Prezidenti Islom Karimovning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan keng qamrovli muzey ekspozitsiyasini tayyorlash maqsadida, Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tomonidan mazkur sohada ilg‘or tajribaga ega bir qator xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish ishlari olib borilmoqda. 

Shu munosabat bilan 9 mart kuni Yodgorlik majmuasiga Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Kim Dje U tashrif buyurdi.

Ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi rahbarining o‘rinbosari Tursunali Qo‘ziyev bilan o‘tkazilgan uchrashuvda tomonlar muzeyshunoslik va kutubxonachilikda eng ilg‘or texnologiyalar yordamida ishni tashkil etish, bu borada koreyalik mutaxassislar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari muhokama etildi.

Mehmon shuningdek, Islom Karimovning 80 yilligiga bag‘ishlangan «Butun olamni jo etgan yurak» nomli ko‘rgazmani tomosha qildi hamda faxriy mehmonlar kitobida o‘z taassurotlari ifoda etilgan esdalik dastxatini yozib qoldirdi.

– Men Islom Karimovni faqat kuchli va prinsipial davlat rahbari sifatida tasavvur qilardim, dedi Janob Kim Dje U, – Biroq, ko‘rgazma bilan tanishganimdan keyin, Karimov nihoyatda olijanob, dunyoqarashi keng, tafakkuri o‘tkir buyuk shaxs bo‘lganini angladim.