THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

SOLNOMA


13.08.2020

1-2 avgust 2001 yil

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov MDH mamlakatlari davlat rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etish uchun Rossiyaning Sochi shahrida bo‘ldi. Sammitda MDH doirasidagi integratsiya jarayonlarini rivojlantirish, strategik barqarorlik hamda mintaqaviy muammolar yuzasidan fikr almashildi.

6 avgust 2003 yil

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov amaliy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin bilan Samarqand shahrida uchrashdi.  Shahardagi qarorgohda Prezidentlarning yakkama-yakka suhbati bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston va Rossiya rahbari ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarning ahvoli, hamkorlik istiqbollari, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro masalalar yuzasidan fikr almashdilar.

6 avgust 2014 yil

Prezident Islom Karimov Oqsaroyda Yaponiya iqtisodiyot, savdo va sanoat vaziri Toshimisu Motegini qabul qildi. Uchrashuvda energetika, neft'-gaz, kimyo va kon sanoati, elektrotexnika, avtomobilsozlik va telekommunikasiya sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

8-9 avgust 2008 yil

Prezident Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szin'taoning taklifiga binoan Pekin shahrida bo‘lib, XXIX yozgi Olimpiada o‘yinlarining ochilish marosimida ishtirok etdi.

12 avgust 2004 yil

Prezident Islom Karimov Oqsaroyda AQSh Qurolli Kuchlari shtab boshliqlari birlashgan qo‘mitasi raisi Richard Mayersni qabul qildi. Uchrashuvda o‘zaro harbiy va harbiy-texnikaviy hamkorlik, mintaqaviy xavfsizlikka doir masalalar yuzasidan fikr almashildi.

14 avgust 2007 yil

Prezident Islom Karimov Oqsaroyda «O‘zbekistonning islom sivilizasiyasi rivojiga qo‘shgan hissasi» mavzusidagi xalqaro konferensiya ishtirokchilaridan bir guruhi bilan uchrashdi.

15 avgust 2006 yil

Prezident Islom Karimov Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyatiga (EvrAzES) a'zo mamlakatlar rahbarlarining norasmiy uchrashuvida ishtirok etish uchun Rossiya Federatsiyasining Sochi shahriga jo‘nab ketdi.

15-16 avgust 2007 yil

Prezident Islom Karimov Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Qirg‘iziston Respublikasi poytaxti Bishkek shahriga jo‘nab ketdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov, Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboev, Qirg‘iziston Prezidenti Kurmanbek Bakiev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szin'tao, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putin va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon ishtirok etdi. Prezidentlar ShHT faoliyatini yanada takomillashtirish, siyosiy hamjihatlikni mustahkamlash, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qildilar.

16 avgust 2006 yil

Uchrashuvda Yevroosiyo iqtisodiy hamjamiyati doirasida Bojxona ittifoqini tuzishga oid masala asosiy muhokama mavzusi bo‘ldi. Sammitda, shuningdek, hamjamiyatning umumiy energetika bozorini barpo etish, suv-energetika konsorsiumini tuzish bilan bog‘liq masalalar ham ko‘rib chiqildi.

17 avgust 1995 yil

Vazirlar Mahkamasining Raisi Islom Karimov «G‘uzor-Boysun-Qumqurg‘on» yangi temir yo‘l liniyasini loyihalashtirish va qurish masalalari to‘g‘risida» gi qarorga imzo chekdi.

17 avgust 2001 yil

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Asaka shahridagi «O‘zDEUavto» qo‘shma korxonasining yangi liniyasi ishga tushirilishiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi.

17-19 avgust 1991 yil

O‘zbekiston SSR Prezidenti Islom Karimov boshchiligidagi O‘zbekiston rasmiy delegasiyasi Hindiston Respublikasi hukumatining taklifiga binoan rasmiy do‘stona tashrif bilan Hindiston Respublikasida bo‘ldi. Prezident Islom Karimov safar davomida Hindiston Prezidenti va vise-prezidenti hamda Bosh vaziri bilan muzokaralar o‘tkazdi. Muzokaralar so‘ngida O‘zbekiston bilan Hindiston o‘rtasida iqgisodiy, savdo va ilmiy-texnikaviy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim imzolandi.

18 avgust 2009 yil

Prezident Islom Karimov Oqsaroyda AQSh Qurolli kuchlari Markaziy Qo‘mondonligi qo‘mondoni Devid Petreusni qabul qildi. D.Petreus AQShning hozirgi ma'muriyati O‘zbekiston bilan turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanini ta'kidladi. U, shuningdek, Afg‘onistonda barqarorlikni mustahkamlash va mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlashga O‘zbekiston muhim hissa qo‘shayotganini qayd etdi.

19-20 avgust 2014 yil

Prezident Islom Karimov Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szin'pinning taklifiga binoan ushbu davlatda bo‘ldi. Islom Karimov va Si Szin'pin O‘zbekiston Respublikasi bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasidagi Qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar. Mamlakatlarimiz o‘rtasida texnikaviy-iqtisodiy, energetika, yuqori texnologiyalar, bank-moliya kabi sohalardagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi. 2014-2018 yillarga mo‘ljallangan Strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirish dasturi qabul qilindi.

20 avgust 1991 yil

O‘zbekiston Oliy Kengashi Rayosati bilan Vazirlar Mahkamasining qo‘shma majlisida Prezident Islom Karimov Favqulodda holat davlat komiteti qarorlariga O‘zbekiston rahbariyatining salbiy munosabatini ochiq-oydin bayon etdi.

20 avgust 2000 yil

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Markaziy Osiyoning to‘rt mamlakati — O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat rahbarlarining Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvida qatnashdi. Unda xalqaro terrorchilik, diniy va siyosiy ekstremizm kabi illatlarga qarshi kurashda qo‘shma chora-tadbirlar qo‘llash haqida o‘zaro kelishib olindi. Markaziy Osiyoning biror davlatiga qilingan tahdid butun mintaqadagi barqarorlikni xavf ostiga qo‘yishi mumkinligini O‘zbekiston rahbari yana bir bor ta'kidladi. Shuningdek, mamlakatimiz rahbari Afg‘oniston mojarosini bartaraf etishda xalqaro hamjamiyat, rivojlangan davlatlar yetarli darajada faollik ko‘rsatmayotganini eslatib o‘tdi.

22 avgust 2000 yil

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh qo‘mondoni Islom Karimov Surxondaryo viloyatining tog‘li hududlari orqali yurtimizga suqilib kirishga intilgan xalqaro terrorchilarni tugatish operatsiyasi davom etayotgan Sariosiyo va Uzun tumanlarida bo‘ldi. Prezident Islom Karimov birlashgan qurolli kuchlarning Sariosiyo aeroportidagi shtabida bo‘lib, jangovar harakatlarda ishtirok etayotgan askar va ofiserlar bilan suhbatlashdi.

23 avgust 2002 yil

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Navoiy-Uchquduq-Sulton-Uvaystog‘-Nukus temir yo‘lida yo‘lovchi poezdlar qatnovi boshlanishi munosabati bilan ushbu temir yo‘li bunyodkorlariga tabrik yo‘lladi.

23 avgust 2011 yil

Prezident Islom Karimovning taklifiga binoan Koreya Respublikasi Prezidenti Li Myon Bakning O‘zbekiston Respublikasiga davlat tashrifi amalga oshirildi.

24 avgust 1999 yil

Prezident Islom Karimov «Abdulhamid Sulaymon o‘g‘li Cho‘lponni «Mustaqillik» ordeni bilan mukofotlash to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi.

24 avgust 2001 yil

Prezident Islom Karimov Navoiy shahrida Alisher Navoiy yodgorlik majmuining ochilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.

24 avgust 2004 yil

Prezident Islom Karimov «Toshguzar-Boysun-Qumqo‘rg‘on» yangi temir yo‘lining ishga tushirilishiga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etdi.

25 avgust 2011 yil

Prezident Islom Karimov Oqsaroyda AQSh Senatining qator nufuzli qo‘mitalari a'zosi, Janubiy Karolina shtatidan saylangan respublikachi-senator Lindsey Grexemni qabul qildi. Muloqot chog‘ida mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik keng ko‘lamli masalalar yuzasvdan fikr almashildi. Jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirish muammosi muhokama qilindi.

26 avgust 1995 yil

Respublikamiz Prezidenti Islom Karimov YUNESKO bosh direktori Federiko Mayor Saragosani qabul qildi. Mehmon o‘zi rahbarlik qilayotgan xalqaro tashkilot O‘zbekiston rahbariyatining tinchlik va barqarorlikni, fuqarolar totuvligini ta'minlash borasidagi siyosatini qo‘llab-quvvatlashini qayd etib, O‘zbekistonda madaniy-ma'rifiy ishlarni yanada rivojlantirishda, jumladan, Buxoro va Xiva shaharlari yubileylarini o‘tkazishda hamkorlik qilishini aytdi.

26 avgust 1997 yil

Prezident Islom Karimov Samarqandda «Sharq taronalari» xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi. Shu kuni O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov «O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining olti yilligi munosabati bilan fan, madaniyat, ma'rifat, ommaviy axborot vositalari va ijodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash to‘g‘risida»gi farmonga imzo chekdi.

26 avgust 2005 yil

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etish uchun Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasi poytaxti — Qozon shahriga jo‘nab ketdi. Majlisda asosiy e'tibor MDHni isloh qilish va uning organlari faoliyatini takomillashtirish masalasiga qaratildi. Prezidentlar xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash muammolari, Hamdo‘stlik mamlakatlarida kechayotgan jarayonlar yuzasidan fikr almashdilar.

26 avgust 2009 yil

Prezident Islom Karimov Samarqand shahrida «Sharq taronalari» yettinchi xalqaro musiqa festivalining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.

28 avgust 1995 yil

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov turkiy tilli davlatlar rahbarlarining navbatdagi uchrashuvida ishtirok etish uchun Qirg‘iziston poytaxti Bishkek shahrida bo‘ldi. Uchrashuvda qardosh davlatlar o‘rtasi dagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, madaniy aloqalarni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi, xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan fikrlashildi. Mamlakatimiz rahbari, shuningdek, «Manas» eposining ming yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda qatnashdi va ma'ruza qildi.

27-28 avgust 2008 yil

Prezident Islom Karimov Tojikiston Respublikasi poytaxti Dushanbe shahrida bo‘lib, Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashining majlisida qatnashdi. Sammit ShHT Davlat rahbarlari kengashining tor doiradagi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov, Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Dmitriy Medvedev, Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Xu Szin'tao, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Kurmanbek Bakiev, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon ishtirok etdi. Prezidentlar ShHT doirasidagi ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi ahvoli va istiqbollarini muhokama qildilar. Siyosiy sohadagi aloqalar, savdo-iqtisodiy munosabatlar, madaniy va gumanitar hamkorlik masalalari yuzasidan fikr almashildi. Prezidentlar mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash masalalariga alohida e'tibor qaratdilar. Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi.

29 avgust 1995 yil

Toshkentdagi «Yunusobod» tennis kortida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi uchun ikkinchi xalqaro turnirning rasmiy ochilish marosimi bo‘ldi.

29 avgust 2006 yil

Prezident Islom Karimovning taklifiga binoan Yaponiya Bosh vaziri Jun'ichiro Koidzumi rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi. Islom Karimov va Jun'ichiro Koidzumining yakkama-yakka suhbatida O‘zbekiston-Yaponiya munosabatlarining bugungi ahvoli va istiqbollariga oid keng ko‘lamli masalalar, tomonlarni qiziqtirgan xalqaro muammolar muhokama qilindi. Prezident Islom Karimov ikki tomonlama munosabatlar tarixida O‘zbekistonga ilk bor Yaponiya Bosh vaziri rasmiy tashrif buyurgani, bu tashrif o‘zaro aloqalar va mamlakatlarimiz ijtimoiy-siyosiy hayotidagi ulkan voqea ekanligini ta'kidladi.

30 avgust 2001 yil

Prezident Islom Karimov Toshkent shahrida akademik drama teatri yangi binosining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi va nutq so‘zladi. Davlatimiz rahbari o‘z nutqida milliy ruh va zamonaviy qiyofada qayta tiklangan ushbu teatrni O‘zbek milliy akademik drama teatri deb atashni taklif etdi.

31 avgust 1991 yil

O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov Respublika Oliy Kengashining navbatdan tashqari oltinchi sessiyasida ma'ruza qildi. Ushbu sessiyada mamlakatimiz hayotida buyuk tarixiy voqea sodir bo‘ldi. Yurtboshimiz butun dunyoga O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligini e'lon qildi. 1 sentyabr' — Mustaqillik kuni umumxalq bayrami etib belgilandi.

31 avgust 1991 yil

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov «O‘zbekiston Respublikasining davlat mustaqilligi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunini tasdiqladi.

31 avgust 1992 yil

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov poytaxtimizdagi Mustaqillik maydonida O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 1 yilligiga bag‘ishlangan ilk tantanali marosimda nutq so‘zladi.

31 avgust 1993 yil

Prezident Islom Karimov poytaxtimizdagi Amir Temur xiyobonida buyuk sarkardaga o‘rnatilgan haykalning tantanali ochilish marosimida so‘zga chiqdi. Shu kun Yurtboshimiz Toshkentdagi Mustaqillik maydonida mamlakatimiz mustaqilligining ikki yilligi tantanalarida ishtirok etdi.

31 avgust 1995 yil

Mamlakatimiz rahbari Islom Karimov zamonamizning ulkan yozuvchisi, yirik jamoat arbobi Chingiz Aytmatovga «Do‘stlik» ordenini topshirdi. Prezidentimizning ulug‘ adib bilan o‘tkazgan suhbatida Markaziy Osiyo xalqlarining do‘stligi, hamkorligi va ma'naviy birligini mustahkamlash borasida fikrlar almashildi.

31 avgust 2001 yil

Mustaqillik bayrami arafasida Prezident Islom Karimov tashabbusi bilan ilk bor «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasida mustabid tuzum davrida zulm va zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan vatandoshlarimiz yod etildi.