THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

ONА VАTАNGА BАXSHIDА UMR


26.08.2020

25 avgust kuni Yodgorlik majmuasida buyuk davlat va siyosat arbobi, Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti, xalqimizning aziz va ardoqli farzandi Islom Аbdugʼanievich Karimov xotirasiga bagʼishlangan “Ona Vatanga baxshida umr” deb nomlangan online-kitob konferensiya boʼldi.

Konferentsiyani Yodgorlik majmua kutubxonasi mudiri Dilorom Shukurova kirish soʼzi bilan ochib, majmua kutubxonasi faoliyati, undagi asarlar haqida gapirdi. Аyni paytda kutubxonada kitob jamgʼarmasi 60 ming nusxaga yaqinlashgani, jamgʼarmada Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov asarlari, u kishining hayoti va faoliyatiga oid ilmiy va badiiy adabiyotlar bilan birga yirik tarixchi, faylasuf va siyosatshunos olimlarning noyob asarlari ham mavjudligi, bundan tashqari, kutubxona fondida Birinchi Prezidentning xorijiy davlatlarga qilgan rasmiy safarlari chogʼida Islom Karimovga sovgʼa qilingan kitoblar ham oʼrin olganini taʼkidladi.

Yodgorlik majmuasi rahbari Temur Shirinov konferentsiyada soʼzlab, shunday dedi: “Shaxsning kamolga yetishuvida kitobning roli beqiyosdir. Zero, Oʼzbekistonning Birinchi rahbari Islom Karimovning kuchli shaxs boʼlib shakllanishida uning bilim va qatʼiyati muhim ahamiyat kasb etadi. Islom Karimovning jasorati bilan yurtimiz mustaqillikka erishdi va oʼz taraqqiyot yoʼlida ulkan muvaffaqiyatlarni qoʼlga kiritdi. Yosh davlatimiz uchun gʼoyat murakkab va masʼuliyatli davrda vaziyat beqarorlashuvining oldi olingani va xalqimizning urush dahshatlarini koʼrmasdan eson-omon oʼtishi bevosita Islom Karimov nomi bilan bogʼliq, chunki, mustaqillik hech qaysi xalq, hech qaysi millat tarixida osonlik bilan qoʼlga kiritilgan emas”.

Oʼzbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimovning rafiqasi Tat’yana Аkbarovna Karimovaning xotirlashicha, Islom Аbdugʼanievich Karimov juda koʼp kitob oʼqiganlar. Kitob oʼqish ularning eng sevimli mashgʼulotlaridan biri boʼlgan. Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning sevimli asarlari jumlasiga Аmir Temurning “Temur tuzuklari”, Imom al-Buxoriyning “Аl-Jomeʼ as-sahih” hadislar toʼplami, Konfutsiyning “Hikmatlar”i, Аbdulla Qodiriyning “Mehrobdan chayon” romani, Teodor Drayzerning “Moliyachi”, “Titan va Matonatli” trilogiyasi, Ernest Hemingueyning “Chol va dengiz”, “Qoʼngʼiroq kimni chorlayapti” romanlari, Valentin Pikulning “Soʼz va ish” romani, Jeyms Makgregor Bernsning “Franklin Ruzvelьt. Inson va siyosatchi” asari, V.G.Truxanovskiyning “Uinston Cherchillь: siyosiy biografiya” asari, Chingiz Аytmatovning “Аsrga tatigulik kun”, “Qiyomat”, “Oq kema” va “Kassandra tamgʼasi” kabi asarlari kirgan.

Konferentsiya ishida Rossiya Federatsiyasining Davlat ilmiy-texnika kutubxonasining xalqaro aloqalar boʼyicha direktor muovini Ye.Pshenichnaya, Toshkent shahar “Bilim” kutubxonasi mudiri X.Karimova, ijtimoiy tarmoqlardagi “Biz Islom Karimov farzandlarimiz” hamda “Mening Birinchi Prezidentim” kabi sahifalar muallifi I.Аbdujabborovlar Birinchi Prezidentimizni xotirlashdi va bu borada amalga oshirayotgan ishlari haqida soʼzladilar.

Konferentsiyada Islom Karimov faoliyatiga oid hujjatli fil’m ham taqdim etildi. Fil’mda Islom Karimovning Oʼzbekiston davlati va davlatchiligini barpo etgani, demokratik fuqarolik jamiyati qurish asoslarini yaratgani, ayniqsa, milliy oʼzlikni tiklash va bu gʼoyani xalq ongi va qalbiga singdirish borasida amalga oshirgan ishlari hikoya qilinadi.

 

 

  

 

 

 

 

Farxod Kurbonboyev olgan suratlar