THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

30-yanvar Moskva


01.02.2019

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning 81 yilligi keng nishonlanayotgan kunlarda Rossiya Federatsiyasining poytaxtidan quvonchli xabar oldik.

 

30 yanvar kuni Moskva shahrida Birinchi Prezidentimizning tavallud kuni munosabati bilan tantanali tadbir o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasining Rossiyadagi elchixonasi xodimlari, bu yerda yashayotgan hamyurtlarimiz, tahsil olayotgan yoshlarimiz, shahar aholisi Moskvaning markaziy rayoni Yakimankada joylashgan Islom Karimov nomidagi xiyobonda hozir bo‘ldilar.

Shaharning mazkur hududini bezab turgan betakror me’moriy kompozitsiya – Islom Karimovning haykali poyi sekin-asta anvoyi gullarga burkana boshladi.

Buyuk shaxsning nomi yodga olinib, xotirasiga hurmat bajo keltirildi.

O‘zbekiston-Rossiya aloqalarini yangi pog‘onaga olib chiqish, teng huquqli, ikki tomonlama manfaatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yish va kengaytirishda Islom Karimovning roli va xizmatlari e’tirofga loyiq. Buning bosh omili, ikki davlat rahbarlari Islom Karimov bilan Vladimir Putin o‘rtasida o‘rnatilgan o‘zaro ishonch va hurmatga asoslangan ko‘p yillik samimiy do‘stona munosabatdir. Hozirgi kunda ham, o‘zaro hamkorligimiz izchil rivojlanib borayotgani bois, O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti xotirasiga nisbatan Rossiyaliklar tomonidan ko‘rsatilayotgan yuksak hurmat va ehtiromning guvohi bo‘lib turibmiz.