THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Assalom Navro‘z!


19.03.2019

19-mart kuni Islom Karimov nomidagi majmuada Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi.

  

Mehmonlar dastavval «Butun olamni jo qilgan yurak» ko‘rgazmasi ekspozitsiyasi bilan tanishdilar.

 

«Islom Karimov, Mustaqillik va Navro‘z» deb nomlangan tadbirda Birinchi Prezidentimizning rafiqasi Tatyana Karimova, Respublika Yozuvchilar uyushmasi, «Nuroniy» jamg‘armasi, «Mahalla» xayriya jamoat fondi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi vakillari, Kamoliddin Behzod nomidagi Rassomchilik va dizayn instituti professor-o‘qituvchilari, yozuvchi va shoirlar, Islom Karimov fondi xodimlari, Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi hamda «Zulfiya» nomidagi davlat mukofoti sovrindorlari, talaba-yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdilar.

 

Professor Muhammadjon Quronov, professor Usmon Qoraboyevning «Birinchi Prezidentning birinchi Navro‘zi», «Navro‘z-milliy an’ana, urf-odat va qadriyatlarimiz negizi» mavzuidagi ma’ruzalarida eng aziz va sevimli ayyom-Navro‘zning tarixi, Mustaqillik yillari bayramni nishonlash bilan bog‘liq o‘zgarish va yangiliklar, Navro‘zni tiklab xalqimizga qaytarib berishda Islom Karimovning roli to‘liq yoritib berildi.

 

Qadr topgan qadriyatlar yurtida emin-erkin hayot kechirayotgan xalqimizning milliy an’ana va udumlarga, o‘tmishiga va ertangi kuniga chuqur hurmati haqida samimiy fikrlar bildirildi.

 

Tadbirda «Assalom Navro‘z» nomli qisqa metrajli videofilm namoyish etildi.

 

Tatyana Akbarovna tomonidan mehmonlarga «Islom Karimov – Mustaqil O‘zbekiston asoschisi» kitob albomi hamda Islom Karimov fondi bilan Yodgorlik majmuasi hamkorligida tashkil etilgan xotira kechalari haqidagi videofilmlar to‘plami sovg‘a qilindi.

Farxod Kurbonboyev olgan suratlar