THE ISLAM KARIMOV ACADEMIC AND EDUCATIONAL COMPLEX

Islom Karimovning jasorati: U xalqaro ahamiyatga loyiq tadbirda Asqar Aqayevni tanqid qilgandi


22.02.2018

Asqar Aqayev hali tirik chog‘idayoq el qahriga uchradi, Vatani manfaatini hamisha, har qanday sharoitda himoya qilgan Islom Karimovni esa butun xalqimiz ko‘zida yosh bilan so‘nggi manzilga kuzatdi.

Yaqinda Internetda o‘qib qoldim, Qirg‘iziston Milliy fanlar akademiyasining muxbir a’zosi O‘smonaqun Ibraimov 2014 yilda “Islom Karimov va “Manas” eposi” degan maqola e’lon qilgan ekan. Olim do‘stimiz 1995 yil kuzida “Manas” eposining ming yilligiga bag‘ishlangan tadbirlar, xususan Bishkek shahrida bo‘lib o‘tgan shukuhli anjumanda O‘zbekiston rahbari Islom Karimovning favqulodda ahamiyatga ega bo‘lgan chiqishini eslab, xotiralarini o‘rtoqlashibdi. Buning uchun qirg‘iz olimiga avvalo tashakkur izhor etishimiz lozim. O‘smonaqun Ibraimov o‘sha simpoziumda manasshunoslikda keng tarqalib, hamma qariyb aksioma tarzida takrorlaydigan bir xato fikrni Islom Karimov tanqid qilgani, uning ommaviylashuviga qanday barham bergani haqida yozadi. O‘zbekistondan borgan 11 kishilik rasmiy delegatsiya tarkibida ushbu anjumanda ishtirok etgan bir kishi sifatida bu maqola menga ko‘pgina voqealarni eslatdi, fikrlar o‘yg‘otdi. Quyida uni sal qisqartib taqdim etgach, bu boradagi qarashlarimizni ham o‘rtoqlashishga jazm qildik: “Biz kabi unvonli akademiklar va professorlarning yengil-elpi gazeta maqolalarida bayon etilgan va ilmdan bir tosh yiroq manasshunoslarning ”kashfiyoti” mahsuli bo‘lgan katta bir yolg‘on rag‘batlantirib turilgan paytda bu yolg‘onni fosh etishni biron professional olim yoxud do‘ngpeshona akademik emas, balki qo‘shni davlat prezidenti, ya’ni Islom Abdug‘aniyevich Karimov uddalashini kim ham o‘ylabdi deysiz? Holbuki u filolog emas, ma’lumoti bo‘yicha injener edi, xolos. Keling bir boshdan boshlaylik.
 
1994 yilda BMTning Bosh Assambleyasi bizning Markaziy Osiyo ichkarisidan yo‘llagan da’vatimizni, nihoyat, qabul qilib, 1995 yilni “Manas” eposining 1000 yilligi” deb e’lon qildi.
 
“Manas” eposining ming yilligini bayram sifatida nishonlash muhim tarixiy voqea bo‘lib, shu bilan birga suveren Qirg‘izistonning jahon jamoatchiligi oldidagi o‘ziga xos namoyishi ham bo‘lar edi. Albatta, bunday katta ma’raka ayrim ishkalliklardan ham xoli bo‘lmaydi. Loaqal, quyida men hikoya qilmoqchi bo‘lgan voqea ham bunga misol. Ajabki, u ochiq-oshkor siyosiy mojaro tusini ham olayozgan edi. Shu bilan birga, u “Manas” dostonidagi g‘oya va obrazlarni har kim o‘z bilganicha, tavakkaliga talqin qilishi ko‘ngilsiz oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ham ayon ko‘rsatdi.
 
Tantanali yubiley anjumani... Milliy filarmoniyaning katta zalida ko‘pdan-ko‘p xorijlik mehmonlar, BMT vakillari jamuljam bo‘lishgan, prezidiumda esa yetti davlat prezidentlari, YuNESKOning Bosh direktori, boshqa nomdor mehmonlar o‘tirishibdi. “Manas” eposi haqida prezident Asqar Aqayev har doimgidek, teran, ilmiy asosli ma’ruza qildi. Ammo bir mahal u ma’ruza matnidan ko‘z uzib, zalni jonlantirish, shu bilan birga botir Manasning xalqlar do‘stligiga qo‘shgan hissasini dalillash maqsadida afsonaviy qirg‘iz qahramonining xotini Buxorolik bo‘lganini, binobarin, tojik qizi ekanini e’lon qildi. Bunda an’anaviy ravishda Buxoroda etnik tojiklar yashab kelishi ko‘zda tutilgan edi, albatta. Biz hammamiz bu gap O‘zbekiston prezidentiga yoqmaganini payqab qoldik. Chunki Tojikistondagi fuqarolar urushi va O‘zbekistonning bu masalaga munosabati tufayli Islom Karimov bilan Imomali Rahmon o‘rtalarida muayyan kelishmovchiliklar bor edi.

Qirg‘iziston prezidentining ma’ruzasi tugadi. Birin-ketin boshqa prezidentlar, davlat delegatsiyalarining boshliqlari minbarga ko‘tarildilar. So‘z O‘zbekiston rahbariga berildi. Ana shunda haqiqiy mojaro boshlanib ketdi. Islom Abdug‘aniyevich o‘z ma’ruzasining matnini bir chetga qo‘yib, bevosita Aqayevga qarab gapira boshladi (u o‘zbek va rus tillarida aralashtirib so‘zlagan edi):
 
– Asqar Aqayevich, Manasning xotini Xonikey qanaqa qilib tojik qizi bo‘lsin? Siz bu fikrni aytishda qanday asoslarga tayanyapsiz? Axir u chinakamiga o‘zbek xalqining, Buxoro xonining qizi-ku! O‘zingiz ayting, qachon tojiklar Buxoroda xon bo‘lgan?
 
Ana, ketdi! “Hali bu gaplar hammasi emas. Barcha qirg‘iz afsonaviy qahramonlari bizning qizlarga uylanish orzusida bo‘lishgan. Hatto, Manasning yaqin jo‘rasi Almambetning xotini Aruuke ham o‘zbek qizi edi!”.
 
Zal guvillashdan tinmasdi. Ma’ruzasini zo‘r ehtiros bilan tamomlagan Islom Karimov Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning yoniga kelib, u bilan birga zaldan chiqib ketdi... Garchi Nursulton Abishevich yana o‘z joyiga qaytib, yaxshigina chiqish qilgan bo‘lsa-da, Karimov yig‘ilish oxirigacha zalga qaytib kirmadi.
 
Tabiiyki, o‘zbek prezidenti o‘sha kunning o‘zidayoq qandaydir muhim ishlarni ro‘kach qilib, o‘z yurtiga qaytib uchib ketdi, shu tufayli Talasda – Manas yerida o‘tkazilgan tantanalarda ham ishtirok etmadi.
 
Noqulay bir mojaro yuzaga kelgan edi. Aslida esa, chindan ham, afsonadagi Xonikeyning – “qorato‘ridan kelgan huriliqo”ning tojik qizi bo‘lgani va forsiy tilning biron lahjasida so‘zlashgani borasida hech qanday dalil yo‘q. Xo‘sh, unda bu soxta, ammo hozirga qadar aytila berib siyqasi chiqib ketgan ilmiynamo cho‘pchak qayerdan kelib chiqqan?
 
Bu masalaning tarixi quyidagicha. O‘tgan asrning 70-yillari oxirida Tojikistonda Qirg‘iziston kunlari o‘tkaziladi. O‘sha san’at va madaniyat kunlarining tantanali ochilishida ulug‘ tojik shoiri va davlat arbobi, yuqori doiralardagi hazil-mutoyibalar, xushyoqar gaplar ustasi Mirzo Tursunzoda zalga to‘planganlarni ikki bora ajoyib lutfi bilan lol qoldirdi. Chingiz Aytmatovga qarab, Mirzo Tursunzoda aytdiki, “Bashariyat tarixi Chingiz otlig‘ ikki kishini biladi; ularning biri dunyoni qilichi bilan mahv etgan bo‘lsa, yana biri esa qalami bilan zabt etdi!” Albatta, bu gapdan zal devorlari qarsaklardan yorilguday bo‘ldi. Ammo Mirzo Tursunzodaning ikkinchi gapi undan ham zo‘rroq olqishlarga ko‘milib ketdi: “Barchaga ma’lum, qirg‘izlarning “Manas” dostoni eng ulkan va ulug‘ eposlardan biri. Ammo Manas botirning suyukli xotini qaysi millat qizi ekanini esa hamma ham bilavermaydi. Holbuki, u Buxoroda tug‘ilgan! Xo‘sh, Buxoroda kimlar yashaydi? Tojiklar, albatta! Mana, ko‘rdingizmi, Manasning umr yo‘ldoshi Xonikey chinakam tojik qizi, buni qardosh qirg‘iz do‘stlarimiz yaxshi bilib qo‘ysinlar. Biz tojiklar, qirg‘iz birodarlarimiz bilan ana shunday rishtalar orqali bog‘langanmiz!” Zal qiy-chuvga to‘lgan, vatandoshlarimizning ko‘zlari yashnab turibdi, hamma qarsak chalayapti… Qirg‘iz televideniyesi bu epizodni takror-takror namoyish qildi, hozir ham bu gaplar ko‘pchilikning yodida. Boyagi cho‘pchakning paydo bo‘lishi va tarqab ketishining tarixi ana shunday.
 
Bu gapni birinchi qirg‘iz prezidenti 90-yillarning ikkinchi yarmida Tojikistonga rasmiy tashrif buyurganida yana takrorladi, Bishkek shahrida tojiklararo muzokaralar o‘tkazilganida ham yana tilga tushdi. Buni tojik do‘stlarimiz, ayniqsa, Xonikeyni tojikcha navozish bilan Xonuka deb talaffuz qiladigan atoqli tojik shoirasi Gulruxsor Safiyeva ham, takrorlashni yaxshi ko‘rardilar.
 
Albatta, bu yoqimli cho‘pchak, ilm bilan ishi bo‘lmaydigan siyosatdonlar uchun ayniqsa qo‘l keladi. Ularning muddaosi qarsak va olqishlarga sazovor bo‘lish, xolos. Qolaversa, ulardan dostondagi voqealarni to‘g‘ri talqin qilishni talab qilish ham jilla o‘rinli emas.
 
Ammo masalaga jiddiy qaraydigan bo‘lsak, boyagi yoqimli gapning hech bir asosi yo‘qligi oyday ravshan. Bu bilan men, hurmatli Islom Abdug‘aniyevichga qo‘shilib, Xonikeyni o‘zbek qizi deb ham aytmoqchi emasman, chunki bu ham boyagi lutfga monand bo‘lib qolar edi. Lekin, agar mayda-chuyda tafsilotlarga ham o‘rin beradigan bo‘lsak, Manasning o‘z yori bilan mutlaqo yolg‘iz, tilmochsiz so‘zlashgani ham haqiqat. Axir fors tili – har holda, o‘zbek tili ham, uyg‘ur tili ham, hatto tatar tili ham emas. U butunlay boshqa lisoniy oilaga mansub, o‘ziga xos leksik-grammatik qurilishga ega bo‘lgan tildir. Holbuki, Xonikey biron turkiy tilda gaplashgani aniq.
 
Mayli, har bir o‘quvchi doston haqida o‘z qarashlariga ega bo‘lsin, bunga u haqli. Va bu ham “Manas” dostonimizning chindan ham ulug‘ligi, mazmun jihatdan bitmas-tuganmas ekanidan dalolat beradi. U, bamisoli bir ummon – har kim uning bag‘rida istaginicha suzib, o‘zi uchun foydali va qimmatli bo‘lgan qandaydir narsalarni topa oladi”...

Mazkur xotirani o‘qib, bir tomondan, quvondim. Muallif tarixiy va ilmiy haqiqat buzilmasligi yo‘lida Islom Karimovning qanday qat’iylik bilan kurashganini, fikrini jamoatchilikka yetkaza olganini e’tirof etibdi. Ammo, ikkinchi yoqdan, O‘smonaqun birodarimizning xotirasi pand bergan ko‘rinadi. Kamina ushbu internet maqolasida voqealar tafsiloti buzib talqin etilganini o‘qib, ajablanib ham qoldim. Aftidan, har bir odamning yodida uning uchun muhimroq bo‘lgan narsalar saqlanib qoladi, chunonchi, biron voqea yoki hangoma tafsilotini o‘nta odamdan so‘rasangiz, o‘n xil talqin eshitasiz. Ammo o‘sha voqealarga shohid bo‘lgan bir odam bo‘la turib, eposning yubileyi va undagi Islom Karimovning mashhur nutqi borasida o‘z xotiralarimizni taqdim etmasak, fikr bildirmasak, voqean, O‘.Ibraimovning gaplarini to‘g‘ri deb topgan, ma’qullagan bo‘lib chiqamiz.
 
Xo‘sh, o‘sha voqealar aslida qanday bo‘lgan edi?
 
Yubiley tantanalarida (uning bahonasida turkiy tilli davlatlar boshliqlarining sammiti ham o‘tkazilgan) Turkiya rahbari Sulaymon Demirel, Ozarbayjon rahbari Haydar Aliyev, O‘zbekiston rahbari Islom Karimov, Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyev, Turkmaniston rahbari Saparmurod Niyozovlar, shuningdek YuNESKOning Bosh direktori Federiko Mayor, yana bir necha qo‘shni davlatlarning bosh vazirlari, yoki Madaniyat vazirlari kabi ko‘plab arboblar, shuningdek ko‘pgina mamlakatlardan olimlar, adiblar va jamoat arboblari tashrif buyurishgan edi. Shu o‘rinda aytib o‘tay, O‘.Ibraimovning “prezidiumda... yetti davlat prezidentlari... o‘tirishibdi”, degan gapini o‘qib, yettinchi davlat rahbari kim bo‘ldiykin, deb o‘ylanib qoldim. Menimcha, olti turkiy tilli davlatdan birinchi rahbarlar ishtirok etishgan edi, xolos. To‘g‘ri, o‘shandan bir kun avval Bishkekka Pokiston Bosh vaziri Benazir Bxutto ham tashrif buyurgan va A.Aqayev bilan birga “Qoyadagi haykallar galereyasi”ni ochish marosimida qatnashib, o‘sha kuniyoq O‘shga uchib ketgan edi, chunki u Qirg‘izistonga mutlaqo boshqa maqsadda kelgan bo‘lib, yubiley tantanalarida ishtirok etmagan.
 
Olim do‘stimiz aytganday, Milliy filarmoniyaning katta zalida A.Aqayev tantanali anjumanni ochdi va “Manas” eposi haqida ma’ruza qildi.
 
O‘ttiz sahifalik bu ma’ruzaning matni yuzlab nusxa tayyorlanib, har birimizga taqdim etilgani uchun, istasak, Asqar Aqayevning dokladini uning o‘z og‘zidan chiqayotgan so‘z sifatida tinglashimiz, istasak, har bir o‘rindiq yondoriga joylangan jajji karnaychalarni qulog‘imizga tiqib olib, masalan, rus tilidagi variantini eshitishimiz, yoinki, matnni o‘qib o‘tirishimiz mumkin edi. Biz hammasidan foydalandik, chunki uzoq va bir zaylda o‘qilayotgan ma’ruza ko‘plarni toliqtirishi tabiiy. Zalning o‘rtarog‘idamiz. O‘ng yonimda – asli namanganlik, Germaniyaning Kyoln shahrida yashaydigan mashhur tarixchi olim, biz dissident deb biladigan Boymirza Hayit domla o‘tiribdi.
 
Asqar Aqayev o‘z ma’ruzasini roppa-rosa qirq besh daqiqa o‘qib berdi.
 
Shundan so‘ng “Manas”ning ming yilligi tantanasida ishtirok etish uchun kelgan turkiy davlatlarning rahbarlari minbarga tashrif buyurdilar. Birinchi so‘z Turkiya Prezidenti Sulaymon Demirelga berildi. Chunki u eng katta turkiy mamlakat rahbari, buning ustiga, davlat boshliqlari orasida yoshi ulug‘roq odam edi. To‘la gavdali Sulaymon afandi turk tilida biz ishtirokchilarga, butun qirg‘iz eliga otashin salomlar yo‘llab, “Manas” eposining favqulodda ahamiyatini ta’kidlab o‘tdi. Undan so‘ng Ozarboyjon rahbari Haydar Aliyev chiqib, rus tilida yozilgan ikki-uch betli matnni o‘qib minbarni tark etdi. Yodimda qolgani “Nыneshneye pokoleniye kirgizov vernы zavetam Manasa”, degan so‘zlar bo‘ldi. Haydar Aliyev xiyla horg‘in, ma’ruza matnini tutgan qo‘llari titrar edi.
 
Shundan so‘ng minbarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti chiqdi...
 
Bu holatni Qirg‘iziston Prezidentining o‘sha paytda yordamchisi bo‘lib ishlagan O‘.Ibraimov shunday tasvirlaydi. “Birin-ketin boshqa prezidentlar, davlat delegatsiyalarining boshliqlari minbarga ko‘tarildilar. So‘z O‘zbekiston rahbariga berildi. Ana shunda haqiqiy mojaro boshlanib ketdi. Islom Abdug‘aniyevich o‘z ma’ruzasining matnini bir chetga qo‘yib, bevosita Aqayevga qarab gapira boshladi (u o‘zbekcha va ruscha aralash so‘zlagan edi). 
 
O‘sha anjumanda bo‘lmagan odamlar, “Islom Abdug‘aniyevich o‘z ma’ruzasi matnini bir chetga qo‘yib, bevosita Aqayevga qarab gapira boshladi”, degan jumlani o‘qib, Respublika rahbari tabrik so‘zi o‘rniga dabdurustan mojaro boshlagan ekan, deb ajablanib qolishi mumkin. Holbuki, u “Har bir davlat rahbari o‘z ona tilida gapirsa”, degan taklifni ijobat qilib, faqat o‘zbek tilida gapirgan (“o‘zbek va rus tillarida aralashtirib so‘zlash” uning nutqiga xos emasdi). Ehtimol, O‘.Ibraimov o‘zbekcha ushbu ma’ruzani yaxshi anglamagan va shu sababli o‘z xotiranomasida voqelikni deyarli to‘lig‘icha buzib talqin etgan bo‘lsa, ajab emas. Binobarin, marhum prezidentimizning bu chiqishini batafsilroq bayon qilish kerak ekan, degan xulosaga keldim.
 
O‘zbekiston Prezidenti dastlab tayyorlab kelingan ma’ruzadan ikki betcha chiroyli tabrik so‘zlarini o‘qidi. Biroq uning jo‘shqin ruhi odamlar bilan bevosita muloqot qilishga moyil edi, shu bois, ma’ruza matnini minbar chetiga qo‘yib, zalga murojaat qildi:
 
“Hurmatli do‘stlar! “Manas” eposi – bu tarix, qirg‘iz xalqining o‘tmishi. Kelinglar, shu dostonning ming yillik to‘yi munosabati bilan biz bugungi kunning ana shunday qahramonlari haqida ham gaplashaylik. Mana, prezidiumda, mening yonimda qadrdon do‘stim, ulug‘ yozuvchi Chingiz Aytmatov o‘tiribdi. Men Chingiz og‘ani bugungi kunning Manasi deb bilaman!”
 
Zalda qarsaklar chalinib ketdi. Chingiz Aytmatov o‘rnidan turib, qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib, minnatdorchilik bildirdi.
 
“Qolaversa, – deb davom etdi notiq, – badniyat kimsalarning jahon hamjamiyati oldida ataylabdan uyushtirilgan tuhmatlari kasriga o‘zbek xalqi boshiga iztirobli kunlar tushgan pallada mana shu Chingiz og‘amiz g‘alamuslarga qarshi ko‘krak kerib chiqqanini elimiz hech qachon unutmaydi!
 
Chingiz Aytmatovning yuksak badiiy asarlari nafaqat qirg‘iz, balki o‘zbek adabiyoti ravnaqi uchun ham beqiyos ahamiyatga ega! Shuning uchun ham kuni kecha qadrli do‘stim Nursulton Nazarboyev Chingiz Aytmatovga “Qozog‘iston xalq yozuvchisi” unvonini berganini eshitib, juda xursand bo‘ldim. Nasib etsa, Toshkentga qaytgach, biz ham turkiy xalqlarning bu ulug‘ adibiga “O‘zbekiston xalq yozuvchisi” unvonini berish niyatidamiz!
 
Butun zal oyoqqa qalqdi. Chapak va olqishlar sira tinay demasdi. Chingiz Aytmatov yana o‘rnidan turdi, sahnaning oldiga kelib, zalga qarab qo‘lini ko‘ksiga qo‘yib ta’zim qildi.
 
Boyagina zerikib, ammo buni bildirmaslik uchun og‘zini ochmasdan esnayotgan odamlaring yuzlari yorishib ketgan, hammaning ko‘zi porlar edi.
 
Islom Karimov “Manas” eposining tarixiy va badiiy jihatlari to‘g‘risida gapirdi, bu ulkan doston o‘zbek tiliga atoqli shoir Mirtemir, Sulton Akbariy va Tursunboy Adashboyev kabi shoirlar tomonidan hozirga qadar uch bora tarjima qilinganini eslab o‘tdi.
 
Ana shundan so‘nggina, zalning butun diqqat-e’tiborini o‘ziga jalb etgach, Islom Karimov O‘smonaqun Ibraimov aytgan masalani o‘rtaga qo‘ydi.
 
“Ana endi, aziz do‘stlar, ijozat bersangiz, shu o‘rinda, “Manas” dostonidagi bir masala borasida aziz do‘stim, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Asqar Aqayevni bir og‘iz tanqid qilib o‘tmoqchiman”.
 
Mening badanim jivirlab ketdi. Axir hatto tor doirada ham bir davlat prezidenti ikkinchi davlat rahbarini tanqid qilmaydi, bu diplomatik protokolga xilof ish. Buning ustiga, yuzlab odamlar qatnashayotgan tantanali bayram anjumanida... tanqid qilish? Hayajonlanib, yonimda o‘tirgan Boymirza Hayitga yuzlanib, pichirladim:
 
Domla, qiziq bo‘ldi-ku?
 
Shoshmang, avval eshitib ko‘raylik-chi, – deya javob qildi olim.
 
“Asqar Aqayevich o‘z ma’ruzasida “Manas Buxorodan uylanadi, demak, tojik xalqiga kuyov bo‘ladi va ana shu tariqa, bu doston turkiy xalqlar doirasidan chiqib, yanada kengroq va global, umumjahoniy ko‘lam kasb etadi”, deb aytib o‘tdi, – dedi Islom Karimov. –  Albatta, bu yaxshi niyat. Ammo men bu yoqqa kelish oldidan “Manas” eposini ataylab o‘qib chiqdim. Manasning xotini Xonikey Buxorolik ekan. Uning otasi ikkinchi qizini – Xonikeyning singlisini Manasning tutingan inisi Almambetga, uchinchi qizini esa qozoq xoni Ko‘kchaga berib, ularni o‘ziga kuyov qilib olgan ekan. Ko‘ryapsizmi, qanday oqil, tanti odam bo‘lgan ekan bu podshoh? Ammo do‘stim Asqar Aqayevich, u buxorolik, ya’ni, o‘zbek edi, demak, Manas ham o‘zbeklarning kuyovi bo‘lib chiqadi! E, omon bo‘lsin o‘sha Buxoro xoni, u butun Markaziy Osiyo podshohlarini o‘ziga kuyov qilib, barcha ellarni bir-biriga qardosh qilibdi!”
 
Butun izdihom ahli Buxoro xonining tantiligi borasidagi lutfga kula-kula, o‘rnidan turib qarsak chalishga kirishdi. Zero, Islom Karimov bu gaplarni shu qadar bir-biriga payvasta qilib, ishonch va o‘ktamlik bilan gapirardiki, rad etish imkonsiz edi.
 
– Islom aka to‘g‘ri aytyapti, – deb menga burilib shivirladi Boymirza Hayit domla. – Buxoroda ming yillardan beri o‘zbeklarning mang‘it urug‘i hukmronlik qilgan. Ikkinchidan, “Manas” eposida Buxoro xoni goh Qoraxon, goh esa Temirxon deb ataladi, ikkisi ham turkiy ismlar. Karimov haq...
 
Ana shundan so‘ng Islom Karimov yana vaziyatni yumshatish, o‘zaro inoqlik ruhi bardavom bo‘lishiga harakat qilib, Qirg‘iziston Prezidentiga qarab, kulib murojaat qildi:
 
– Aziz do‘stim Asqar Aqayevich! O‘sha Buxorodan – Manas kuyov bo‘lgan yurtdan qudalar hadya berib yuborishgan, marhamat qilib qabul etsangiz!
 
Karimovning imosi bilan sahna ortida shay turgan bir xodim tugun olib keldi. Qarasak, Buxoro amirlari kiyadigan zar uqali shohona to‘n! (U yillari zardo‘zi chopon endigina paydo bo‘la boshlagandi). Karimov uni qirg‘iz xalqi rahbariga kiydirdi, beliga belbog‘ bog‘lab, boshiga chiroyli bir do‘ppi kiygizdi va quchoqlab ko‘tarib, bayram bilan yana muborakbod qildi. Olqishlarni qo‘yavering! Boyagi xijolatpazlikdan asar ham qolmagan edi.
 
Islom Karimov ortga yana qarab edi, yigitlar ulkan bir gilamni ikki yog‘och uchiga ilib yoyib ko‘rsatgan holda sahna oldiga olib chiqishdi. Hech kim kutmagan bir tuhfa! Gilam o‘rtasida Manas nayza tutib, ot choptirib borayotgani tasvirlanibdi. Zal yana bir bor oyoqqa qalqdi. Ushbu san’at asarini o‘zbek galamdo‘zlari yubiley sammitiga tayyorgarlik arafasida, bor-yo‘g‘i ikki kunda tayyorlashgan ekan.
 
Dovruqli ma’ruzasini ana shunday ajoyib hadyalar topshirib, shukuh bilan yakunlagan Islom Karimov joyiga o‘tirdi. So‘z Qozog‘iston Prezidenti N.Nazarboyevga, undan so‘ng Turkmaniston rahbari S.Niyozovga berildi. Ana endi yana O‘.Ibraimov yozganlarini yana o‘qib ko‘raylik:
 
“...Ma’ruzasini zo‘r ehtiros bilan tamomlagan Islom Karimov Qozog‘iston prezidenti N.Nazarboyevning yoniga kelib, u bilan birga zaldan chiqib ketdi... Garchi Nursulton Abishevich yana o‘z joyiga qaytib, yaxshigina chiqish qilgan bo‘lsa-da, Karimov yig‘ilish oxirigacha zalga qaytib kirmadi”.
 
Mana bu o‘rinda nafaqat xotira pand bergan, balki mantiq ham ishdan chiqqan ko‘rinadi. Fikrlarini xolis o‘rtoqlashayotganday bo‘lib ko‘ringan O‘.Ibraimov, O‘zbekiston Prezidentini bir qadar jizzaki odam qilib tasvirlabdi. Ajabo, Karimovdan so‘ng Nazarboyevga so‘z berilgan bo‘lsa, u minbarga chiqish o‘rniga, nutqidan voz kechib, O‘zbekiston Prezidenti bilan birga zaldan chiqib ketganmi? Uning chiqishiga sabab nima? Axir, bunday hollarda anjuman shunchaki, “sigaret chekish” bahonasida tark etilmaydi-ku? Diplomatiyaga ko‘ra, sammit qatnashchisining zalni tashlab chiqishi uning sammitni boykot qilganini, keskin noroziligini bildiradi. Yo, Nazarboyev qaytib kirgunicha majlis to‘xtatilib turdimi? Yo‘q, albatta. Karimov ham butun yig‘ilish davomida prezidiumda bo‘ldi, sirasini aytganda, u kishining shunchaki o‘tirmay, har bir ma’ruzachi so‘zini e’tibor bilan tinglaganini, bir ozdan so‘ng hammamiz bunga yana bir bor guvoh bo‘ldik.
 
Turkmaniston rahbaridan so‘ng navbat YuNESKO bosh direktori Federiko Mayorga, so‘ng Rossiya bosh vaziri o‘rinbosariga, undan keyin Eron Madaniyat vaziri Mustafo Mirsalimga berildi. Biz, O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi a’zolari esa, shu asnoda Prezidentimizning chiqishi ta’sirida edik, bu nutq kuchli, mantiqli va samimiy bo‘lganidan faxr tuyg‘ulari og‘ushida, mamnun o‘tirar edik. Endi, oradan shuncha vaqt o‘tgach, bir gapni aytsa bo‘lar (chunki bu orada o‘sha rahbarlarning ko‘plari, jumladan Islom Karimov ham, yorug‘ olamni tark etib ketishdi) – O‘zbekiston Prezidenti siyosiy iroda, mantiqiy tafakkur bobida bu anjumandagi o‘zga notiqlardan bir qarich baland ekani barchaga yaqqol ayon bo‘lgan edi.
 
Oddiygina tuyiladi: Islom Karimov, shuncha ishi borligiga qaramay,  “Manas” eposini o‘qib chiqibdi, buni munozarada asardan dalil keltirib yaqqol isbot qildi, holbuki boshqa davlat rahbarlari (I.Aqayevdan boshqa) bu doston haqida tasavvurga ham ega emasligi ko‘rinib qoldi, yozib berilgan doklad matnini o‘qiyotgan chog‘larida, hatto, botirlar nomini talaffuz eta olmaganlari ham bo‘ldi.
 
Eron vakilining nutqi qulog‘imizda shig‘irlayotgan mittikarnay orqali chala-chulpa tarjima etib berildi, uncha uqmasak-da, galdagi bir tabrik sifatida qabul qilib, hurmati uchun chapak chalgan bo‘ldik. Biroq Mustafo Mirsalim nutqini tugallab, joyiga o‘tirishi bilanoq O‘zbekiston Prezidenti yana o‘rnidan turdi, to‘g‘ri uning oldiga borib, e’tiroz bildirgan bir qiyofada nimadir deya boshladi.
 
Minbarda galdagi mehmon tabrik so‘zini aytar, ammo hammaning ko‘zi Karimovda. Bilsak, Eron vaziri o‘z so‘zida Manas Buxoroda fors-tojik qiziga uylanganiga tarafdor bo‘lib, Karimovga e’tiroz bildirib o‘tgan ekan.
 
Islom aka Mustafo Mirsalim bilan yakkama-yakka, tarjimonsiz gaplashar edi. Samarqandda tug‘ilib o‘sgani qo‘l keldi, nazarimda. Nutqiga bu qadar jonli reaksiyani kutmagan Mustafo vazir lol qolib, “Nahotki?” deganday ishora bilan nimanidir so‘ragan edi, O‘zbekiston Prezidenti ikki daqiqa allanimalarni uqtirdi. Eronlik vazir “E, shundaymi, unday bo‘lsa, uzr!” deya, e’tirof etaroq, qo‘lini ko‘ksiga qo‘ydi va fikridan qaytganini bildirdi. So‘ng Prezidentimiz yana Chingiz Aytmatov yoniga kelib o‘tirdi.
 
O‘smonaqun Ibraimov aytganidek, Karimov zaldan chiqib ketib, qaytib kirmagan bo‘lsa, Eron vaziriga qanday qilib fikrlarini uqtira olardi?
 
Maqola muallifi yana davom etadi: “Tabiiyki, o‘zbek prezidenti o‘sha kunning o‘zidayoq qandaydir muhim ishlarni ro‘kach qilib, o‘z yurtiga qaytib uchib ketdi, shu tufayli Talasda – Manas yerida o‘tkazilgan tantanalarda ham ishtirok etmadi”.
 
Karimovning Talas viloyatida, dalada o‘tkazilgan to‘yda qatnashmagani rost. Ammo bunga boyagi munozara sabab emas, chunki u mazkur bahsda g‘olib edi, fikrini o‘tkaza olgandi. So‘zi inkor etilgan bo‘lsa, balki O‘smonaqun birodarimiz haq bo‘lib ko‘rinardi. Talasga bormagan prezident bir Islom Karimov emas, masalan, H.Aliyev, S.Niyozovlar ham unda ishtirok etmagan. Buni ham yozish kerak. Va davlat rahbari bormaslik uchun bahona topib o‘tirmaydi – bunaqa tasvirni faqat uning obro‘yini to‘kish uchun o‘ylab topish mumkin. Gap shundaki, bu lavozimdagi kishi to‘ylarda bemalol sayl qilib yura olmaydi, u o‘ta band – har bir kuni va uning soatlari hisob-kitobli...
 
Bu gaplarni o‘qib, kimdir, “Ajabo, Islom Karimov o‘sha tantanali anjumanda muzokara boshlashi shartmidi? Xonikey oyim o‘zbek qizi bo‘ldi nimayu forsiyzabon bo‘ldi nima? Axir bu bir doston, xolos-ku?” deb o‘ylashi ham mumkin.
 
“Manas buxorolik qizga, demakki tojikka uylangan edi”, degan gap Islom Karimovga nega yoqmaganini izohlagan bo‘lib, maqola muallifi yozadi: “Chunki Tojikistondagi fuqarolar urushi va O‘zbekistonning bu masalaga munosabati tufayli Islom Karimov bilan Imomali Rahmon o‘rtalarida muayyan kelishmovchiliklar bor edi”.
 
Ayon bo‘ladiki, ushbu akademik ikki narsani – Karimov O‘zbekistonning hududiy yaxlitligini himoya qilganini anglamay, O‘zbekiston Prezidenti boshqa bir davlat rahbariga ginasi tufayli uchinchi davlatda ham to‘rsayib o‘tirishi mumkin bo‘lgan anchayin arazchi bir odam deya, o‘z qarichi bilan o‘lchabdi! Bundan, basharti, Imomali Rahmon bilan muomala soz bo‘lganida Islom Karimov munozara qilib o‘tirmas edi (ya’ni o‘z mamlakatiga daxldor geosiyosiy manfaatni himoya qilishga urinib o‘tirmas edi), degan bema’ni bir xulosa o‘z-o‘zidan kelib chiqadi.
 
Gap shundaki, Islom Karimov, O‘zbekiston rahbari sifatida, uning manfaatlarini bir lahza bo‘lsin, unutishi mumkin emasdi. Manasning yori Xonikeyni, buxorolik bo‘lgani uchunoq, tojik deb talqin qilish ortida boshqa, badiiy so‘zga mutlaqo aloqasi bo‘lmagan masala yotar, bu gap – ayniqsa o‘sha yillari – har qanday “fakt”dan geosiyosiy ilinj qidirib, hududiy da’volar qo‘zg‘ab yurgan kimlarningdir tegirmoniga suv quyishi aniq bo‘lib, uni o‘sha vaqtning o‘zida inkor etmaslik, mohiyatan, uni ma’qullash bo‘lar ediki, prezidentimiz mana shuni nozik ilg‘adi va o‘sha onning o‘zida, harchand tantanali anjuman bo‘lmasin, o‘z shaxsiga nihoyatda yarashib tushadigan o‘ktamlik, zo‘r siyosiy iroda bilan fikrini bayon etib, maqbul qildirdi.
 
Bu – Islom Karimov O‘zbekistonga rahbar bo‘lgan qariyb o‘n ming kunning atigi o‘n daqiqasida bo‘lib o‘tgan bir voqea, yurtdoshlarimizning ko‘pi uni eshitmagan ham. Endi, ana shu o‘n ming kunning har bir sanasi, har bir soatida bu insonning mamlakat manfaatini o‘ylab yashagani, oddiy dehqon bilan suhbat qilayotganida ham, dunyoning eng yirik davlat rahbarlari bilan global masalalarda muzokara olib borayotganida ham yurtini har xil katta-kichik yomonliklardan asrashga, har bir imkoniyatdan esa farovon etish yo‘lida foydalanishga harakat qilganining sanog‘i bormikin? Jumladan, yuqorida ko‘rganimizday, O‘zbekiston ziyoniga moyil bo‘lgan qanchadan-qancha qarashlar, taaddilarga zarba berganini kim biladi?..
 
Dunyoda eng noxush hollardan biri – nodonning o‘jarligidir. Islom Karimov e’tirozga o‘rin qoldirmagan holda rad qilgan o‘sha eski cho‘pchakni Qirg‘izistonning sobiq prezidenti Asqar Aqayev, garchi bir og‘iz e’tiroz bildira olmagan bo‘lsa-da, 1995 yildan keyin ham og‘zidan qo‘ymadi – yana o‘n yil – “taxtidan tushgan” 2005 yilgacha tojik do‘stlarni ana shunaqa latifasimon lutflar bilan sarafroz etib yuraverdi.
 
Ammo haqiqat o‘zini o‘zi himoya qilarkan, bugun bo‘lmasa, ertaga albatta ro‘yobga chiqar ekan: yuqoridagi voqea munosabati bilan bunga yana bir karra amin bo‘ldik. Chunonchi, yolg‘on gapni aylantirib, arzongarov chapaklar undirishga ruju qo‘ygan Asqar Aqayev hali tirik chog‘idayoq el qahriga uchradi, yaqinda Berlin shahrida u bilan uchrashuvga yig‘ilgan bir guruh qirg‘izlar uning ortidan tuxumlar otib ichlaridan haydadilar. Haq so‘zni dadil aytib, Vatani manfaatini hamisha, har qanday sharoitda himoya qilgan Islom Karimovni esa butun xalqimiz ko‘zida yosh bilan so‘nggi manzilga kuzatdi, vafotidan so‘ng ham, u prezidentlik vaqtidagi kabi, izzat-ikromda, e’zozda.


Zuhriddin Isomiddinov